Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 1 apreldagi “Toshkent viloyatida zamonaviy kartoshkachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 193-son qarori ijrosi Inspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi va Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.
Bugungi kunga kelib, “Bo’stonliq Kartoshkachilik Markazi” MChJ QK tomonidan jami 2099 tonna, shu jumladan 910 tonna elita va 1189 tonna R-1 avlodiga mansub urug‘lik kartoshka zaxirasi yaratildi.
Shuningdek, urug‘chilik sohasini rivojlantirish borasida “Sof tabiat agro” va “O‘simliklar texnologiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya qurish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu laboratoriyada mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan urug‘lik kartoshka yetishtirish hamda Agroklasterda “in vitro” laboratoriyasi tashkil etilib, kelgusida virussiz “Super elita” va “Elita” avlodlariga mansub urug‘lik kartoshka yaratish rejalashtirilgan. Mazkur laboratoriya ish faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng Respublikada yiliga 4 million donagacha mikrotuganaklar yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qolaversa, urug‘chilik sohasi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Gollandiyaning “Agriko” va “HZPC” kompaniyalari mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish ham ko‘zda tutilgan.
Ayni vaqtda xorijiy investorlar tomonidan “Bo’stonliq Kartoshkachilik Markazi” MChJ negizida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarishni joriy etish bo‘yicha qiziqish bildirilib, umumiy loyiha qiymati 14,8 mln. AQSh dollari bo‘lgan “Agrosanoat logistika markazi” barpo etish uchun 10,0 mln. AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi hamda “Bo’stonliq Kartoshkachilik Markazi” MChJ QK qo‘shma korxonasi etib qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Xususan, 30 ming tonnagacha kartoshka mahsulotlarini saqlash quvvatiga ega zamonaviy “Agrosanoat logistika markazi” barpo etish hamda soatiga 25 tonna kartoshkani saralash va qadoqlash liniyasini, 1200 ga maydonda kartoshka yetishtirishga mo‘ljallangan maxsus kartoshka ekish, o‘stirish, yig‘ib oluvchi va logistikasini ta’minlovchi texnika va uskunalarni ishga tushirilishi bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida faoliyat olib borayotgan “Solanuz” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi innovatsion texnika va texnologiyalarni joriy qilgan holda iste’mol kartoshkasidan yuqori hosildorlikka erishish orqali uning tannarxini tushirish bilan bir qatorda kartoshkani chuqur qayta ishlash, eksport potensiali yuqori bo‘lgan fri kartoshkasi va kartoshka kukuni (quritilgan pyure) ko‘rinishidagi yillik quvvati 18 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilib, faoliyat yuritib kelmoqda. Natijada joriy yilda 24,1 ming AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan mahsulotlar ichki bozor va chetga eksportga chiqarilgan.