Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xorazm viloyatida qishloq xo‘jalik texnikalarini ro‘yxatga olish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish va yangi turdagi plastik kartalarini rasmiylashtirib berish borasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, viloyatda 29 ming 865 ta qishloq xo‘jalik va yo‘l qurilish texnika hamda agregatlari mavjud bo‘lib, 2023 yil yanvar-iyun oylarida viloyat bo‘yicha 255 ta texnika yangidan, 840 ta qishloq xo‘jalik texnikalari qayta ro‘yxatga olinib, 1 ming 177 ta o‘zi yurar texnikalarga davlat raqam belgilari berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, joriy yilning shu davrigacha 2 ming 220 ta qishloq xo‘jalik texniklariga yangi tipdagi plastik shakldagi texnik pasportlar rasmiylashtirildi, 881 ta fuqarolarning traktorchi-mashinist guvohnomalarini yangi tipdagi plastik shaklga almashtirib berishga erishildi.
Viloyatdagi 30 mingtaga yaqin qishloq xo‘jalik texnikalarini yillik majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida "O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridagi 11 ta sohaviy xodimlar tomonidan 12 ming 190 ta (41 foiz) texnikalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘rsatilgan davlat xizmatlari evaziga 1 milliard 870 million so‘mdan oshiq mablag‘lar undirilishi taʼminlandi. Jumladan, Bog‘ot, Gurlan, Xiva va Shovot tumanlarida mavjud qishloq xo‘jalik texniklarining 60 foizdan ortiq qismi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishiga erishildi.
Bundan tashqari, viloyatning texnika nazorati sohasidagi xodimlar tomonidan sohada qonun ustuvorligini taʼminlash va qishloq xo‘jalik texnikalaridan foydalanish talablariga rioya qilmagan huquqbuzarlarga nisbatan 110 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 19 million 530 ming so‘mlik jarimalar belgilandi va ushbu mablag‘lar to‘liq undirilishiga erishildi.
Bugungi kunda viloyatning ushbu sohaga masʼul bo‘lgan xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda va aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli tartibda taʼsir choralari ko‘rib borilmoqda.
Q. Sabirov - "O‘zagroinspeksiya"ning Xorazm viloyat boshqarmasi