Bugungi kunda korrupsiya illatiga dunyoning turli nuqtalarida ham duch kelish mumkin. Shu boisdan korrupsiya so‘nggi yillarda jahon miqyosida transmilliy jinoyat sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Hatto, ayrim siyosatchilar tomonidan korrupsiyaga global inqirozni keltirib chiqaruvchi omil sifatida ham taʼrif berilmoqda.
Korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng, sabab mazkur illat turli tuzilmalariga, jumladan, soliq tizimiga, ijtimoiy sohadagi islohotlarga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha keskin chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda, jumladan bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari qabul qilingan. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Milliy qonunchiligimizda korrupsiyaning turli yo‘nalishlariga qarshi kurashga yo‘naltirilgan normalar mustahkamlangan. Jumladan, pora olish yoki berish, unga vositachilik qilish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyat boshqarmasida “Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik – muhim masala” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i N.Karimov davlat xizmatchisi ahamiyat berishi lozim bo‘lgan odob qoidalariga to‘xtalib, korrupsiyaning kelib chiqishi, uning ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy zararlari, korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari va mexanizmlari, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlari va ularning mazmun-mohiyati, asosiy prinsiplari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Inspeksiya tizimida mehnat qilayotgan har bir xodimning o‘z ishiga sidqidildan yondoshishi, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, har bir ishda shaffoflikka amal qilish kabi muhim masalalar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, tarkibiy tarmoq va tuman bo‘limlari rahbarlariga qatʼiy talab qo‘yilib, ushbu talablarga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi, korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi, xodimlarni samarali boshqarishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shartligi, hattoki, davlat xizmatchilari xizmatdan tashqari vaqtda ham umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi taʼkidlandi.
“O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi matbuot xizmati