Ру Ўз O`z En

Kutilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etildi

11 May 2022 1659

2022 yil 10 may kuni Hukumatning “2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ishonchli taʼminlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 243-sonli qarori qabul qilindi.

2022 yil yozgi sug‘orish mavsumida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish maqsadlari uchun jami 28,2 mlrd. kub metr miqdorda suv olish limitlari hamda kutilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.

Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib kuyidagilar:

suv omborlaridagi suv resurslaridan foydalanishni nazoratga olish, ayniqsa yirik suv omborlaridan suv chiqarish va nasos stansiyalaridan foydalanishni qatʼiy ravishda aniq hisob-kitoblarga asoslangan talabnomalar bo‘yicha amalga oshirish;

mavjud sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining mavsumga shayligini taʼminlash bilan bog‘liq barcha tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha qatʼiy monitoring olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish;

suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining “bir kanal-bir tizim” tamoyili asosida elektr energiyasi va suv bilan uzliksiz taʼminlash imkoniyatidan kelib chiqib joylashtirilishiga eʼtibor qaratish;

mavsum davomida suv resurslaridan samarali foydalanish holatlarini tanqidiy o‘rganish hamda bu borada mutasaddilar va hududlar rahbarlarining har o‘n kunda hisobotlarini eshitib borish belgilandi.

Shu bilan birga, tegishli vazirlik va idoralarga bir qator vazifalar yuklatilib, bajarish muddatlari belgilandi xususan:

o‘n kun muddatda Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birga tasdiqlangan suv olish limitlari doirasida har bir irrigatsiya tizimi kanali va sug‘orish tarmog‘i, shuningdek, suvdan foydalanuvchilar, fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilari bo‘yicha suv olish limitlarini tasdiqlab, tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini hamda shartnomalar reyestrini suvdan foydalanish va suv isteʼmoli  bo‘yicha belgilangan tartibda nazorat qilib borish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalari va tumanlar bo‘limlariga berilishi belgilab qo‘yildi.

Energetika vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda 2022 yil uchun belgilangan elektr energiyasi miqdorlarini ajratish hamda nasos stansiyalari va vertikal sug‘orish quduqlarini belgilangan rejim asosida uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.  

Shuningdek, qarorda Suv xo‘jaligi vazirligi nasos stansiyalari va vertikal sug‘orish quduqlarini texnik soz holatda bo‘lishi va samarali ishlashini tashkil etishga;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga, shuningdek, suv olish limitlariga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatish hamda bu borada qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish vazifasi yuklatildi.

"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech