Maʼlumki, bugungi kunda bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilish Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda uning hududiy boʼlimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz bevosita hayvon kasalliklari tashxisi va oziq ovqat mahsulotlari xavfsizligi hamda dehqon bozorlarida tashkil etilgan veterinariya-sanitariya ekspertiza (VSE) laboratoriyalari orqali bozorlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining veterinariya-sanitariya qoidalarida belgilangan normalarga muvofiqligini tekshirishi va ijobiy xulosaga ega boʼlgan tovarlar sotilishiga ruxsat berishi kerak.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan oʼtkazilgan monitoringda viloyat Hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda uning Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi, Qamashi, Yakkabogʼ, Kitob, Dehqonobod, Koson, Gʼuzor tumanlari markazlari sinov laboratoriyalarida oʼlchov vositalarini qiyoslanmaganligi, sinov va oʼlchov vositalari yaroqsiz holatda ekanligi, sinov jihozlarini attestatsiya qilinmaganligi, laboratoriyalar meʼyoriy hujjatlar bilan toʼliq taʼminlanmaganligi, aktualizatsiya qilinmaganligi holatlari aniqlandi.
Markaz sinov laboratoriyalarning aksariyatida termostat va quritish shkaflarida haroratni nazorat qilish uchun moʼljallangan termometrlar yoʼqligi va qiyoslanmaganligi sababli sinov jihozlarining toʼgʼri va aniq ishlashini nazorat qilib boʼlmaydi.
Nosoz, qiyoslanmagan va meʼyoriy hujjat talablariga javob bermaydigan oʼlchash vositalari va sinash jihozlaridan sinov ishlarida foydalanib kelinganligi, kasalliklarni aniqlashda va oziq-ovqat mahsulotlarini sifati boʼyicha xulosalar taqdim etilgan.
Yuqoridagi qonun buzilishi holatlariga yoʼl qoʼygan tuman markazlarining direktorlari va laboratoriya mudirlariga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan maʼmuriy ishlar qoʼzgʼatilib yuqoridagi kamchiliklarga yoʼl qoʼymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
N. Salimov, “Oʼzagroinspektsiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bosh inspektori