Ру Ўз O`z En

MАVSUMGА ShАY TEXNIKАLАRNI QАBUL QILIB OLIShDА NIMАLАRGА АHАMIYaT BERISh LOZIM?

7 Yanvar 2021 2117

Bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xoʼjaligi texnikalari, chopiq traktorlari, kulьtivatorlar, chizellar, OVX purkagichlar, kombaynlar, chigit ekish seyalkalari va boshqalarning texnik soz holatga keltirib qoʼyilishi maqsadga muvofiq. Shuni hisobga olgan holda, viloyatda bu borada taʼmirlash maskanlarida qizgʼin ish olib borilmoqda. Karmana, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida boʼlib oʼtgan koʼrgazmali oʼquv seminarlari ayni shu yoʼnalishdagi tayyorgarlik va mavsumga shay texnikalarni qabul qilib olishda ahamiyat qaratish lozim boʼlgan jihatlarga bagʼishlandi.

 

Jumladan, “Karmana agroservis MTP” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʼtkazilgan seminarda tuman hokimligi, viloyat hamda tuman IIB masʼullari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi va Karmana tuman boʼlimi inspektorlari, fermerlar, shuningdek, sohaga oid boshqa korxona va tashkilot vakillari ishtirok etdi. Koʼrgazmali seminarda shay holatga keltirilgan chopiq traktorlari, kulьtivatorlar, chigit ekish seyalkalari va boshqa qishloq xoʼjaligi texnikalarining mutaxassislar tomonidan qay darajada sifatli taʼmirdan chiqarilganligi koʼzdan kechirildi. Bunda eski ehtiyot qismlarining yangisiga almashtirilganligi, nosoz holatga kelgan detallardagi kamchiliklar bartaraf etilgani, texnikalarning yuz qismida boʼyoqlash ishlarining amalga oshirilgani kabilarga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, oʼquv seminari davomida qishloq xoʼjaligi texnikalarining sifatli taʼmiri qanday boʼlishi va uni qabul qilib olishda sinchkovlik bilan eʼtibor qaratiladigan jihatlarga ham toʼxtalib oʼtildi.

-Taʼmirdan chiqarilgan chigit ekish seyalkalarida chigit solinadigan bankalarda teshiklarning boʼlmasligi, chigit toʼzitgich va uzatma tishlarining butunligi, chigit sarfi meʼyorini rostlaydigan darchalarining yengil harakatlanishi, urugʼ oʼtkazgichlarning butun boʼlishi taʼmirni sifatli olib borilganini koʼrsatadi,- deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish boʼlimi katta inspektori Behzod Bozorov - Sifatli taʼmirlangan traktorlar esa detalь va uzellarning sozlik darajasiga koʼra qabul qilib olinadi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, tishli boronalarda ham tishlar mahkamlanadigan plankalar va borona sektsiyalarini bir-biri bilan ulaydigan ilgaklarni egilishi va buralishi, tishlarni oʼtmaslanishi, yeyilishi va egilishi kabi nuqsonlar uchraydi. Taʼmirlangan tishlar bir xil uzunlikda boʼlishi hamda oʼtkir uchining qalinligi 2 mm. dan oshmasligi lozim. Yangi tishning uzunligi 16 santimetr boʼladi. Borona plankalari va tishlarining egikligi 3 mm. dan oshmasligi zarur. - Shuningdek Tishlar plankalarga qirrasi va oʼtkir tomoni bilan harakat yoʼnalishiga qarab turadigan qilib oʼrnatilishi darkor.

Shunga koʼra, viloyatda har bir qishloq xoʼjaligi texnikasi taʼmir shartlari toʼliq bajarganligi boʼyicha qabul qilib olinmoqda. Zarur hollarda, taʼmirga oid kerakli tavsiya va maslahatlar berilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida qayd etish joiz, Karmana tumanida bahorgi yumushlarga 800 dan ortiq qishloq xoʼjaligi texnikalari jalb etilishi koʼzda tutilgan. Bugungi kunga qadar hududda gʼalla oʼrish kombaynlaridan tashqari barcha texnikalar mavsumga shay holatga keltirildi.

Аyni kunlarda joylardagi taʼmirlash maskanlarida kombaynlarni sozlash tadbirlari davom etmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati.

Text to speech