G‘o‘za parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda sifatli o‘tkazilishi gektaridan yuqori hosil olishda muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda dalalarda unib chiqqan g‘o‘za maydonlarining qator oralariga birinchi ishlov berish, chopiq qilish, yaganalash va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida joriy yil hosili uchun 31 655 gektar maydonga chigit urug‘i qadalgan bo‘lib, bugungi kunda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan yuqorida keltirilgan agrotexnik tadbirlarni kechiktirilmay amalga oshirilishi yuzasidan nazorat tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha g‘o‘za maydonlarining 10331 gektari 1-2 chinbarg, 12316 gektari 3-4 chinbarg, 9008 gektar 5-6 chinbarg fazasida rivojlanmoqda.
Maʼlumki, qator orasiga birinchi ishlov berish ishlarini bajarilishi tuproq g‘ovakligini va uning pastki qatlamlariga issiq havo kirishini taʼminlashi bilan ahamiyatli. Viloyat bo‘yicha bir kunda 1290 gektar g‘o‘za maydonida birinchi ishlov berish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, mavsum boshidan buyon bu ko‘rsatkich 51950 gektarni tashkil etadi. Ayni jarayonga 707 dona kultivatorlar jalb etilgan bo‘lib, amalda ularning 6333 donasi kultivatsiya ishlarida qatnashmoqda.
Bundan tashqari, g‘o‘za maydonlarini chopiq qilish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilayotgan bo‘lib, bu tadbirda 14725 nafar ishchilar qatnashmoqda.
Xususan, mavsum boshidan buyon Xatirchi tumanida 12933 gektar, Qiziltepa tumanida 9886 gektar, Navbahor tumanida 8667 gektar, Karmana tumanida 6048 gektar, Konimex tumanida 587 gektar g‘o‘za maydonlarida mayda chopiq qilish ishlari amalga oshirilib, bu muhim tadbir viloyat bo‘yicha 38121 gektar maydonda amalga oshirilgan.
Mirishkor dehqonlar va tajribali mutaxassislaring fikriga ko‘ra, yaganalash tadbirini kechiktirmaslik zarur. Bu muhim tadbirni g‘o‘zada 1-2 chinbarg paydo bo‘lganda tugatish lozim bo‘ladi. Yaganalash 3-5 kunga kechiktirib o‘tkazilsa, paxta hosili 2-3 sentnerga yoki 4-5 chinbarg chiqarganda o‘tkazilsa hosildorlik yana-da kamayib ketishiga olib keladi.
Yana bir jihat, g‘o‘za parvarishida chuqur yumshatish ishlari talab darajasida o‘tkazilishi zarur. Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan g‘o‘za qator oralariga chuqur yumshatgich bilan ishlov berish ishlari ham nazoratga olingan.
Viloyat bo‘yicha mavsum boshidan buyon 17527 gektar g‘o‘za maydonlarida chuqur yumshatish ishlari bajarilgan bo‘lsa, Xatirchi tumanida 6022 gektar, Qiziltepa tumanida 4694 gektar, Navbahor tumanida 3928 gektar, Karmana tumanida 2615 gektar, Konimex tumanida 268 gektar g‘o‘za maydonida chuqur yumshatish ishlari amalga oshirilgan.
Inspektorlar tomonidan g‘o‘za parvarishida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida agrotexnik tadbirlarni kechiktirib va sifatsiz amalga oshirilgan 4 ta holat aniqlanib, bu bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda sudlarga yuborilishi taʼminlandi.
Shuningdek, aniqlangan kamchilikni bartaraf etish yuzasidan hokimliklar va tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilishi taʼminlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati