Ру Ўз O`z En

METROLOGIYA: QONUNNI BUZGАN MАNSАBDORLАR JАRIMАGА TORTILDI

10 Noyabr 2020 2249

Maʼlumki, oʼlchovlar haqida taʼlimot shakllanib, metrologiya deb nom oldi va bu borada tegishli meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Hozirgi kunda har bir mutaxassis oʼz faoliyati sohasidagi parametrlarni va ularni oʼlchash usullarini, oʼlchash vositalarini, ularning texnikaviy tavsiflarini albatta bilishi zarur. Eng muhimi akkreditatsiyalangan, attestatsiyalangan sinov laboratoriyalarida foydalaniladigan sinash hamda oʼlchash vositalari, jihozlarni vakolatli organ tomonidan qiyoslash, attestatsiyadan oʼtkazish, sinov reaktivi va pereparatlarning texnik reglamenti hamda meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash asosiy vazifalardan biridir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya boʼlimi hamda tuman boʼlimlari tomonidan sohaga oid yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olish, dehqon-u mirishkorlarimizni oʼylantirayotgan masalalarga yechim izlash, ularga yelkadosh boʼlish, shu orqali sifatli qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ichki va tashqi bozorlarni toʼldirish kabi masalalarni hal etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Inspektsiyaning asosiy vazifalariga meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiyani nazorat qilish sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, huquqbuzarliklarni oldini olish, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, saqlovchi hamda realizatsiya qiluvchi korxonalar faoliyatida texnik reglamentlar hamda meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish kiradi. Shu asosida boʼlim tomonidan sohada joriy yilning oʼtgan davri mobaynida viloyatdagi qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, saqlovchi hamda realizatsiya qiluvchi korxonalar faoliyati oʼrganildi.

Oʼrganish natijalariga koʼra, viloyatdagi mavjud don qabul kilish va uni qayta ishlash orqali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Navoiydonmahsulotlari” АJ va uning tumanlardagi shaxobchalari hamda urugʼlik sexlaridagi 125 ta, "Qiziltepa un zavodi" АJ va uning shaxobchalaridagi 46 ta, paxta qabul qilish va uni qayta ishlash orqali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Navbahor tekstilь” va “Baxt tekstilь” MChJ paxta klasterlarining paxta tozalash korxonalari hamda paxta qabul qilish maskanlaridagi 168 ta oʼlchov vositalarining talabga javob berishi oʼrganildi. Shuningdek, hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari, biolaboratoriyalar, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, sugʼorish va kollektor-drenaj tarmoqlari, suv omborlari, nasos stantsiyalari hamda boshqa suv xoʼjaligi va gidrotexnika inshootlaridagi mavjud oʼlchov vositalarining sifati boʼyicha nazorat tadbirlari oʼtkazildi.

Bundan tashqari, yogʼ-moy korxonalari - “Vangʼozi Аgro Eksport”, "Karmana moy invest" va "Forever servis" MChJlardagi 301ta oʼlchov vositalari va amaldagi meʼyoriy hujjatlar (standartlar), korxonada faoliyat yuritayogan (akkreditatsiyadan oʼtgan) sinov laboratoriyalari, ulardagi sinov jihozlarining belgilangan tartibda davlat qiyoslovidan oʼtkazilish toʼliq nazoratga olinib, elektron bazasi yaratildi.

– Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida oʼlchov vositalarini oʼz muddatida metrologiya tekshiruvidan oʼtkazilmaganlik uchun jami 9 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 213-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatilib, ulardan 2 million 7 ming soʼm jarima undirildi. Shuningdek, qonuniy qaror qabul qilish uchun 5 ta maʼmuriy materiallar sudlarga yuborilgan. Xususan, 90 nafar mansabdor shaxslarga yozma ravishda ogohlantirishlar berildi- deydi Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya boʼlimi katta inspektori Zafar Karimov.

Shuningdek, 2020 yil paxta hosilini qabul qilishda paxta qabul qilish maskanlari tomonidan fermer xoʼjaliklaridan qabul qilib olinayotgan paxta xom-ashyosining sifati, navi va namligi boʼyicha laboratoriya tekshiruvlari toʼgʼri oʼtkazilishi yuzasidan “Baxt tekstilь” hamda “Navbahor tekstilь” MChJ paxta qabul qilish maskanlari laboratoriya mudirlariga va tovarshunoslariga yozma koʼrsatmalar berildi.

Аytish kerakki, Inspektsiya faoliyati davomida olib borilayotgan chora tadbirlar oʼz navbatida fermer xoʼjaliklari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari va ularni qabul qiluvchi korxonalarda sinovlarning haqqoniyligi va shaffofligini taʼminlashi bilan birgalikda ularning huquqlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Text to speech