Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan qishloq xoʼjaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urugʼlari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, akkreditatsiya sohasiga muvofiq urugʼlarni sertifikatlash, urugʼ hamda koʼchat materiallarining sifatini aniqlash va nazorat qilish boʼyicha ishlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish “Oʼzagroinspektsiya”ga yuklatilgan.
Mazkur funktsiyalarni bajarishda Inspektsiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan joylarda qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, tayyorlovchi hamda qayta ishlovchi korxonalarda foydalanib kelinayotgan texnik reglamentlar, meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilishi, sinov laboratoriyalarda ishlatiladigan sinash hamda oʼlchash vositalarini vakolatli organ tomonidan qiyoslash, attestatsiyadan oʼtkazish borasida tizimli nazorat oʼrnatilib, zarur hollarda amaliy yordam berilmoqda.
Xususan, “Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUKning Buxoro filiali tarkibidagi hududiy laboratoriyalaridagi jami 136 dona oʼlchov va sinov uskunalari oʼz vaqtida davlat qiyoslovi hamda attestatsiyasidan oʼtkazilishi va 39 ta meʼyoriy hujjatlar belgilangan muddatlarda aktuallashtirilishi nazoratga olindi.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida viloyatda faoliyat olib borayotgan donni qabul qilish va uni qayta ishlash “Buxorodonmahsulotlari” АJ, “Kogondonmahsulotlari” АJ, “Qorakoʼldonmahsulotlari” АJ, “Yakkatut” savdo va ishlab chiqarish korxonasi, “Kogon gench” MChJ, “Ochilov Fayz biznes” MChJ va “Peshkoʼ gench” xususiy korxonasi laboratoriyalaridagi 867 dona oʼlchov va sinov uskunalari oʼz vaqtida davlat qiyolash koʼrigi va attestatsiyasidan oʼtkazilib, amalda qoʼllaniladigan meʼyoriy hujjatlar aktuallashtirilishiga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, Qorakoʼl tumanida “Merganteks” MChJ va “Qorakul Kumush Kalava” MChJ, Olot tumanida “Parvoz Xumo Ravnaq trans” MChJ, Kogon tumanida “Bahor Chance Textile” MChJ, Shofirkon tumanida “Buxoro Zarhal Teks” MChJ, “BCT Cluster Agrokompleks” MChJ zamonaviy paxta-toʼqimachilik klasterlari laboratoriyalarida mavjud 1625 dona oʼlchov va sinov uskunalarini davlat qiyoslov koʼrigidan oʼz vaqtida oʼtkazilishida yaqindan yordam koʼrsatildi. Olib borilgan nazorat tadbirlarida, amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar kuzatildi.
Yaʼni, mineral oʼgʼitlarni tarqatish shaxobchasidagi foydalanishda boʼlgan bir dona avtomobilь tarozisining davlat qiyoslash koʼrigidan oʼtkazilmasdan turib, amalda foydalanib kelinganligi sababli bir nafar shaxsga nisbatan Maʼmuriy Javobgarlik toʼgʼrisidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasi zaruriy oʼlchov vositalari va anjomlar bilan toʼliq taʼminlanmaganligi sababli inspektorlar tomonidan yozma koʼrsatma berildi.
Maqsad, qishloq xoʼjaligida mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qoʼllash va bajarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
R.Аvezov, “Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi katta inspektori