Ру Ўз O`z En

Namangan: joriy yilda 4 yarim mingdan ortiq gektar maydonga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekiladi

8 Oktyabr 2022 1330

Ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuli  “to‘qsonbosti”- deb nomlanadi. Bunday ekinlarning urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

O‘simliklarni kuzda ekilishining yana bir sababi, ko‘klamda ekilgan sabzavotlardan ko‘ra ko‘proq hosil olinishdadir. Eng muhimi, to‘qsonbosti usuli dehqonchilikning  yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkoniyatini ham orttiradi.

Shu bois Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida joriy yilda 4 623 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida ekinlar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda ekish  ishlari davom etmoqda.

"O‘zagroinspeksiya"ning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan to‘qsonbosti ekinlarni ekilishi yuzasidan profilaktik tadbirlar olib borilayapti.

Mazkur monitoring tadbirlari davomida tuman hokimligi, fermer xo‘jaliklariga belgilangan maydonlarga to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan taqdimnoma, ko‘rsatma hamda ogohlantirishlar berilmoqda.

Kelgusi yil hosili uchun tumanda piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, selderey, ukrop, petrushka kabi ko‘katlar bilan birga brokkoli, gulkaram hamda karam ekilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot o‘rnida aytish lozimki, to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlardan tuman bo‘yicha kelgusi yili jami 46 ming 800 tonnadan ortiq hosil olish rejalashtirilgan va uning asosiy qismini piyoz hamda sarimsoqpiyoz tashkil etadi.

Bu o‘z o‘rnida bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash barobarida aholi va fermer xo‘jaliklari daromadining ortishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

B. Yo‘ldoshev, "O‘zagroinspeksiya" Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi katta inspektori

 

Text to speech