Ру Ўз O`z En

Namangan tumanida 5 ming gektardan ziyod maydonda takroriy ekinlar yetishtirilmoqda

22 Iyul 2022 1991

Sir emaski, bugungi kunda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash dunyo mamlakatlari uchun eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Aholi sonining o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer va suv resurslarining cheklanganligi, ayniqsa, tez-tez sodir bo‘layotgan tabiiy ofatlar vaziyatni yana-da murakkablashtirmoqda. Shu bois yurtimizda mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri ishga solib, kuzgi boshoqli don ekinlari yig‘ishtirib olinganidan so‘ng takroriy ekin parvarishlashga jiddiy eʼtibor qaratilgan.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki mamlakatimiz tabiiy-iqlim sharoiti bir yilda kamida ikki marta hosil olish imkonini beradi. Aytaylik, g‘alla 15 — 20 iyungacha yig‘ishtirib olingan taqdirda ham, undan keyin qariyb to‘rt oy, yaʼni 120 — 130 kun issiq va haroratli bo‘ladi. Boshqacha aytganda, sahovatli zaminimiz kerakli miqdorda foydali harorat yig‘indisini qabul qiladi. Bu esa sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari yetishtirish uchun ayni muddaodir.

Namangan tumanida joriy yil g‘alladan bo‘shagan maydonga ekilgan 5 ming 400 gektardan ziyod maydonga takroriy ekinlar- sabzi, karam, kartoshka, loviya, kungaboqar, mosh kabi sabzavot va dukkakli ekinlar ekilib, ayni kunlarda baravj rivojlanmoqda, - deydi biz bilan suhbatda “O‘zagroinspeksiyaning Namangan tuman bo‘limi katta inspektori U. Asqarov. - Inspeksiya tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan takroriy ekin maydonlarini “Yoshlar”, Ayollar”, “Temir” daftardagi fuqarolarga ajratilishini nazorat qilish hamda bu yerlarga sara va sifatli urug‘lar ekilishi, agrotexnika tadbirlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishidan tortib to hosil yig‘ishtirib olingunga qadar profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Namangan tumani bo‘limi tomonidan g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarga iqlim sharoitiga mos, ertapishar hamda eksportbop qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan. Klaster korxonasi, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlarining to‘liq maydonlarda ekilishi, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarning agrotexnik kartalardan kelib chiqib, to‘liq hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda xizmatlar sifatli ko‘rsatilishi yuzasidan kunlik monitoring tahlillari o‘tkazilmoqda.

-Joriy yilda viloyatda g‘alla va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan 73 ming 547 gektar maydonlarga takroriy ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.Boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarning 36 ming 468 gektariga dukkakli ekinlar, 3 ming 948 gektariga kartoshka, 6 ming 250 gektariga sabzi ekilayotgan bo‘lsa, 4 ming gektar yerga moyli o‘simliklar ekilmoqda va bu jarayon Inspeksiya mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda o‘rganilib, profilaktik tadbirlar olib borilyapti,- deydi “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi bosh inspektori N. Isomitdinov.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, hozirgi kungacha belgilangan maydonlarning 61 ming gektariga takroriy ekinlar ekib bo‘lindi.

Bundan ko‘zlangan maqsad, aholi ehtiyoji va ichki bozor talabini to‘laqonli qondirish bilan birga eksportbop mahsulotlar yetishtirish evaziga viloyatimizning eksport salohiyatini yana-da oshirishdan iborat.

I. Musayev, “O‘zagroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi bosh inspektori

Text to speech