Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq mamlakatida qariyb 20 million gektarga yaqin maydonda kartoshka yetishtirilib, dunyo bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik gektariga 16 tonnani tashkil etadi.
Respublikamizda iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4704-son qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, sohani rivojlantirish bo‘yicha qator yo‘nalishlarda muhim vazifalarni amalga oshirish vazifalari belgilandi.
Ma’lumki, kartoshka salqin, sernam tog‘oldi hududlarda yaxshi hosil beradi. Chortoq tumani tuproq, iqlimi sharoiti ham ushbu ekin uchun qulay hudud hisoblanadi. Shu bois Respublikamizning bir qator tog‘li hududlari qatorida ushbu tumanni ham kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirish ishlari olib borilmoqda. Tumandagi “Turg‘unboy Jo‘ravoy Munavvar” fermer xo‘jaligida ham g‘alladan bo‘shagan 67 gektar maydonga takroriy ekinlar ekildi. Uning 3 gektarida esa xorijdan keltirilgan kartoshka urug‘i ekilib parvarishlanmoqda.
- Namanganda joriy yilda 7 ming 200 gektardan ziyod maydonlarda kartoshka yetishtirilmoqda. Prognoz ma’lumotlarga ko‘ra ushbu maydonlardan 129 ming 695 tonna hosil olish ko‘zlanmoqda. Uning asosiy qismi Chust va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga tog‘oldi hududlari hisoblangan Kosonsoy va Chortoq tumanlarida ham kartoshkachilikka bo‘lgan e’tibor ortib boryapti - deydi biz bilan suhbatda Agroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va urug‘ bilan ta’minlash ustidan nazorat bo‘limi bosh inspektori Narimon Isomitdinov. - Birgina Chortoq tumani misolida oladigan bo‘lsak, g‘alladan va ertangi ekinlardan bo‘shaydigan 4099 gektar yer maydonlariga takroriy ekin ekilgan bo‘lib, shundan, kartoshka- 471 gektar, sabzi - 414 gektar, pomidor- 38 gektar, sholg‘om - 87 gektar, turp - 10 gektar, karam- 72 gektar, shirin qalampir 159 gektar, dukkakli don ekinlari 1709 gektar, ozuqa ekinlari 873 gektarni tashkil etadi.
Joriy yilda Namangan viloyati bo‘yicha 71 ming gektardan ziyod takroriy ekin maydonlarida jami 346 ming 823 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan - deya ma’lumot beradi N.Isomitdinov. - 2020 yilda viloyat bo‘yicha jami 91 ming 675 tonna kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 324 tonnasi urug‘lik maqsadida yetishtirilmoqda, 74 ming tonnadan ortig‘i esa aholi uchun ichki bozorga yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 6,5 ming tonna kartoshkalar esa qishki zaxiraga olinadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan bu borada doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.
Aytish joizki, ushbu turdagi ekinlarning sifatli urug‘liklarini ekish evaziga aholimizni yil davomida vitaminlarga boy sabzavot, poliz va kartoshka mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati vujudga keladi.
Ilhomjon Musaev, "O‘zagroinspeksiya"ning Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha bosh inspektori