Ру Ўз O`z En

Namanganda 2021 yil hosili uchun yerlarni sifatli shudgorlash boshlandi

20 Oktyabr 2020 2943

Xalqimizning “Yer haydasang, kuz hayda – kuz haydamasang, yuz hayda”, degan maqoli zamirida ulkan ma’no mujassam. Qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorlashning ahamiyati katta. O‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilgan shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi. Sifatli shudgorlangan maydonlarda sho‘r yuvish, yaxob suvi berish, erta bahorda tuproqni ekishga tayyorlash hamda ekish kabi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali o‘tkazishga erishiladi.  Namangan tumanining “Oq ko‘prik tolasi” fermer xo‘jaligida 2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuzasidan o‘tkazilgan viloyat ko‘rgazmali seminarida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirga viloyatda shudgorlash ishlariga mas’ul bo‘lgan qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, “O‘zagroinspeksiya”, “Namangan Agroservis MTP”, “Namangan agrokimyohimoya” kabi viloyat tashkilotlari rahbarlari, tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari taklif etildi.

2020 yil qishloq xo‘jaligida har yilgiga nisbatan barakali keldi. Viloyatimiz pilla va don sotish rejalarini ortig‘i bilan bajarildi. Bugungi kungacha Chortoq, Mingbuloq, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Pop va Norin tumanlari paxta sotish rejasini bajardi. Qolgan tumanlar ham peshma-pesh rejalarni bajarmoqda. Qolaversa, viloyat 201ming 250 tonnalik marradan o‘tib, ulkan xirmon yaratildi. Bu ishda shu yerda ishtirok etayotgan soha egalari hamda viloyat fermer-dehqonlarining hissasi katta. 

Navbatda, kunning eng muhim agrotexnika tadbirlaridan biri bo‘lgan 2021 yil hosili uchun yerlarni sifatli shudgorlash ishlari turibdi. Kuzgi shudgorlash ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.

 Ta’kidlash kerak, 2021 yil hosili uchun 73 243 gektar maydonda kuzgi shudgorlash ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida shtablar tashkil etish va 155 ta otryad to‘liq ishlashini ta’minlash zarur. Muhim agrotexnik tadbir uchun 323 ta haydov traktori hamda 155 nafar mutaxassis jalb etiladi.

Viloyatdagi mavjud 323 texnikadan 27 tasi yuqori unumli haydov texnikasi bo‘lib, joriy yilda  kelindi va kuzgi shudgorlash ishlariga to‘liq jalb etiladi. Mavsumda kuzgi shudgorlanadigan 73 243 gektar maydondan 23 221 gektar sho‘r yuviladigan maydondan tashqari 41 415 gektar maydonni to‘liq fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan  shudgorlash choralari ko‘riladi.       

Bu yilgi shudgorlanadigan  maydonlar uchun  22 339 mln. so‘m texnika xizmati,  2 307 tonna 14 304 mln. so‘mlik yoqilg‘i-moylash materiallari, 1 904 mln. so‘m ish haqi, 4 142 tonna yoki 19 051 mln so‘mli “Ammofos”, 1 242 tonna kaliy mineral o‘g‘iti, jami 59 891 mln. so‘m mablag‘ talab etilishi hisob-kitobi qilindi. Ushbu mablag‘lar va talab etiladigan materiallarni tegishli mutasaddilar tomonidan muammolarsiz yetkazib berish choralari ko‘riladi. Ushbu muhim agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi, zarur o‘g‘itlar bilan ta’minlanishi kabi masalalar yuzasidan agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy monitoring tadbirlari olib borilmoqda. Bu kabi ko‘rgazmali seminarlar viloyatning har bir tumanida bo‘lib o‘tmoqda.

         

U.Yunusov, “O‘zagroinspeksiya”  Namangan viloyat boshqarmasining texnika va agrotexnika tadbirlari holati ustidan nazorat bo‘limi bosh  inspektori

Text to speech