Ha demay, paxta mavsumi boshlanib, dalalarda yetishtirilgan oq oltindan xirmon koʼtariladi. Yil boʼyi qilingan mehnatning hosilini yogʼin-sochin kunlarga qolmay terib olish eng muhim bosqich albatta. Аmmo hosilni nest-nobud qilmay, oʼz vaqtida yigʼishtirib olish uchun birgina fermer xoʼjaligi aʼzolarining vaqti ham, imkoni ham yetmaydi. Shu bois oʼtgan yillar davomida yigʼim-terim ishlariga hasharchilarni jalb qilish, ularga ortiqcha xarajat qilinishiga, asosiy ishlarining oʼlda-joʼlda qolishiga sabab boʼlardi. Keyingi ikki yilda esa zamonaviy paxta terish mashinalarining xarid qilinishi ana shu ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qildi.
Oʼtgan yili Namangan viloyatidagi klaster va fermer xoʼjaliklari tomonidan 13 ta paxta terish mashinalari xarid qilinib foydalanila boshlangan boʼlsa, joriy yilning 15 avgust holatiga bunday mashinalar soni 45 taga yetdi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mashina terimining afzalligi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy koʼrsatkichlar, natijalarda ham oʼzini namoyon etadi. 200 tonna paxta yetishtirgan fermer xoʼjaligida 134 nafar yordamchiga ehtiyoj qolmaydi. Ularning ishini 2 ta mashinaning 2 nafar mexanik-haydovchisi bajaradi. Hamma oʼzining yumushi bilan shugʼullanadi. Eng muhimi, bitta fermer xoʼjaligidagi paxta yigʼim-terim mavsumi 25–30 kunda emas, 7–10 kunda yakunlanadi. Hosil tez yigʼib-terib olinadi, kuzgi shudgor maqbul muddatlarda sifatli bajariladi. Gʼalla va oraliq ekinlarni erta muddatlarda ekib, qiygʼos koʼkartirib olishga erishiladi.
-Joriy yilda namanganlik paxtakorlar tomonidan jami 63 ming 406 gektar maydonga gʼoʼza ekib parvarishlandi, - deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning Namangan viloyati boshqarmasi texnika va agrotexnika tadbirlari holati ustidan nazorat boʼlimi katta inspektori Bahromxoʼja Аzizxoʼjaev:
- Hozirda oldi paxtazorlarda hosil nishona koʼrsata boshladi. Hisob-kitoblarga koʼra, ushbu mavsumda 201 ming 250 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo terib olinishi rejalashtirilgan. Viloyatga olib kelingan 32 ta “Keys” rusumli paxta terish mashinalarining 22 tasi 2 qatorli, 10 tasi esa 4 qatorli mashinalardir. Hozirda inspektsiya tuman boʼlimlari tomonidan mazkur yuqori unumli texnikalarni rasmiylashtirish, texnik guvohnomalar berish ishlari yakunlandi. Shu bilan birga har bir hududda gʼoʼza defoliatsiyasi va paxta yigʼim-terimida qatnashadigan texnikalarni mavsumga tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Hozirgacha mavsumda ishtirok etadigan 1193 ta traktor, 1702 ta traktor tirkamasi hamda 280 dona purkagichlar hududlardagi belgilangan joylarga yigʼilib, taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi va mavsumga shay holga keltirilgan.
Ilhomjon Musaev, "Oʼzagroinspektsiya" Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʼyicha bosh inspektori