Ру Ўз O`z En

Naslli qoramollar ko‘paymoqda

10 Iyun 2020 2793

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qarori Respublikamizda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlanishida katta ahamiyatga ega.

Qarorga asosan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar uchun kompensatsiya taqdim etilishi tarmoqni yanada takomillashtirish evaziga aholini arzon va sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan ruhlangan samarqandlik chorvadorlar qoramollar naslini yaxshilash yuzasidan amaliy tadbirlarni boshlab yuborishdi.

Shu maqsadda joriy yilning may oyida chet davlatlardan 297 bosh naslli mollar keltirilgan. Jumladan,Samarqand tumanidagi “Maxmudov Oltinjon Chorvachilik” fermer xo‘jaligiga Rossiya davlatidan 32 bosh, Urgut tumanidagi “Surxon chorva nasl” fermer xo‘jaligi tomonidan Latviyadan 31 bosh, Oqdaryo tumanidagi “Turon” fermer xo‘jaligiga Avstriya davlatidan 31 bosh naslli g‘unajinlar va Pastdarg‘om tumanidagi “Yangiobod chorva nasl mollari” fermer xo‘jaligiga Chexiyadan 203 bosh simmental zotli naslli buqachalar olib kelindi. Chetdan olib kelingan naslli qoramollarning karantin muddati tugaganidan so‘ng, inspeksiyaning tuman bo‘limlari tomonidan tegishli tartibda davlat reestriga ro‘yxatga olinishi ta’minlandi.

Xalqimizda chorvaning mahsulotdorligi tilida degan yaxshi naql bor. Bu chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritadigan fermer xo‘jaliklari uchun mustahkam ozuqa bazasini shakllantirishni taqozo etadi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 12 ming 468 gektar yer maydoniga beda, 5 ming 199 gektarga xashaki lavlagi, 3 ming 737 gektar yer maydonida oq jo‘xori ekish rejalashtirilgan.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar aholi dasturxoni va bozorlarimizni arzon va sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini beradi.

 

“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi

Text to speech