Sifatli urug‘lik tayyorlash zamirida qishloq xo‘jaligi ekinlarining navdorlik sifat ko‘rsatkichlari katta ahamiyatga ega va ushbu jarayon dala aprobatsiya ko‘rigi orqali aniqlanadi.
Aprobatsiya bu — o‘simliklarning genetik (nav) jihatdan sofligini, zararkunandalar bilan zararlanmaganligi, kasalliklarga chalinmaganligi va ekish uchun mo‘ljallangan urug‘liklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada o‘tkaziladigan tekshiruv hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil
30 sentabrdagi 831-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil g‘alla hosili uchun sifatli, navdorlik ko‘rsatkichlari yuqori va davlat standarti talablariga javob beradigan urug‘lik don yetishtirish maqsadida 3570 nafar urug‘chilik xo‘jaliklarning 88,9 ming gektar suvli maydonlarida urug‘lik g‘alla yetishtirilmoqda.
Ushbu maydonlardan jami 293,5 ming tonna urug‘lik bo‘lib, shundan 12,8 ming tonna Superelita, 161,3 ming tonna Elita, 109,6 ming tonna R-I va 9,8 ming tonna R-II avlodli urug‘lik don jamg‘arish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida tashkil qilingan aprobatsiya komissiyalari tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarida “Ekinbop urug‘liklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xo‘jalik ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yhat raqami 2593-son. 12.06.2014 yil) talablari asosida dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilishi ustidan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Shu qatorda Inspeksiyaning hududiy bo‘limlari tomonidan 142 ta tumanlarga 142 nafar inspektorlar biriktirilib, ularga 2020 yil g‘alla hosili uchun serhosil, navdorlik sifat ko‘rsatkichlari davlat standarti talablariga to‘liq javob beradigan navlardan yetarli miqdorda urug‘lik don jamg‘arish maqsadida urug‘lik maydonlarni dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilishini kunlik nazorat qilib borish yuklatilgan.
Xususan, xozirgi kunga kelib joylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 32,9 ming gektari yoki 37 foiz urug‘lik g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilgan bo‘lib, 334 nafar urug‘chilik xo‘jaliklarining 6,1 ming gektarga yaqin urug‘lik g‘alla maydoni begona nav va aralashmalar me’yoridan ko‘pligi uchun yaroqsiz hisoblangan.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi