Ру Ўз O`z En

Navoiy: Arbitraj guruhlari o‘z vazifalarini uddalayaptimi?

30 Sentyabr 2024 1232

Joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha Inspeksiya oldiga bir qator vazifalar qo‘yilgan.

Respublika bo‘yicha viloyat va tumanlarda hokimlik tomonidan tasdiqlangan paxta to‘qimachilik klasterlari qoshidagi paxta tozalash korxonalari hamda paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda fermer xo‘jaliklari tomonidan topshirilayotgan paxta xom-ashyosini qabul qilish, miqdori va sifatini aniqlashda vujudga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha joylarda Inspeksiya mutaxassislaridan iborat Arbitraj guruhlari faoliyat olib bormoqda.

"O‘zgaroinspeksiya" faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, inspeksiyaga paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining qayta ishlangan mahsulotlari, shuningdek, urug‘lik materiallari sifati bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida nizoli masalalar kelib chiqqan taqdirda, nazorat sinovlarini o‘tkazadi hamda mamlakat ichida va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblangan xulosalarni berish vazifasi yuklatilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan “Baxt tekstil” MCHJ, “Navbahor tekstil” MCHJ va “Navoiy fayzkom tekstil” MCHJ hamda ularga qarashli 16 ta paxta qabul qilish maskanlarida 2024 yil paxta hosilini qisqa muddatlarda sifatli qabul qilib olish maqsadida har bir tumanda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari va paxta topshiruvchi fermer xo‘jaliklari o‘rtasida nizoli holatlar kelib chiqqanda bartaraf etish uchun arbitraj guruhlari tashkil etildi.

Bugungi kunda arbitraj guruhlari tomonidan 34 ta holatdagi nizoli masalalarning 30 tasi fermer xo‘jaliklari va 4 tasi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari foydasiga ijobiy hal etildi hamda arbitraj guruhlari mavsum yakuniga qadar o‘zlariga topshirilgan vazifani amalga oshirib boradilar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Inspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan 2024-yil paxta hosilini yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay, nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish hamda mavsum davomida yuzaga keladigan tomonlar o‘rtasidagi nizolarni adolatli hal etish bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlari olib borilmoqda

N.Raxmatullayev, Inspeksiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i

Text to speech