Mamlakatimizda chorvachilik, xususan, naslchilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizga ma’lum. Jumladan, chet davlatlardan naslli mollarni import qilish va uni yurtimiz iqlim sharoitiga moslab parvarishlash, ko‘paytirish hamda buning natijasida chorva mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish uchun subsidiya mablag‘lari ajratilishi ham maqsadga muvofiq bo‘lmoqda.O‘z navbatida ajratilgan subsidiyadan ravishda belgilangan talablarga mos ravishda foydalanish lozim.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilingan. Mazkur hujjatning 1-ilovasida 2020 — 2022 yillarda xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni sotib olgan xo‘jaliklarga hamda respublikada nasldor qoramollarni yetishtiradigan naslchilik xo‘jaliklariga subsidiya berish tartibi va qoidalari ko‘rsatib o‘tilgan. Shu asosida “O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan naslchilik xo‘jaliklariga subsidiya ajratilganidan so‘ng chetdan olib kelingan chorvani talablarga mos parvarishlanishi va boshqalar yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
O‘tgan yilda viloyat bo‘yicha Qiziltepa tumanidagi “Yangi Asr”, “Zarmetan zotdor chorlari”, Tomdidagi "Tomdi Yangi Qozg‘on" fermer xo‘jaliklari va “Albiyon 2019”, “Yevrosomstream”, "Sherzod Xakim Tomdi", “Sherzod nur tomorqa" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Konimex Nasl Chorva"MChJ qo‘shma korxonasi kabi xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni sotib olgan xo‘jaliklarga jami 1 milliard 148 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan.
Xususan, Xatirchidagi “Angidon bodomlari” fermer xo‘jaligiga 2020 yil 3 avgust kuni Rossiya federatsiyasi tarkibidagi Boshqirdiston Respublikasidan 300 bosh “Ramanov” zotli naslli qo‘ylar olib kelinib, yuqoridagi qarorga ko‘ra xo‘jalikka bu qo‘ylar uchun jami 120 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratib berilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 280-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 13-bandiga ko‘ra, subsidiya oluvchilar nasldor qoramol, qo‘y va echkilardan kamida 2 avlod olgungacha saqlashi zarurligi ko‘rsatilgan. O‘tkazilgan nazorat tadbirida “Angidon bodomlari” fermer xo‘jaligida mazkur bandga zid holatda ish ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni joriy yilning yanvar oyi holatida xo‘jalikda 300 bosh naslli qo‘ydan faqat 130 tasi parvarish qilinayotganligi, 170 bosh qo‘ylar turli sabablarga ko‘ra sotib yuborilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Axborot xizmati