Ma’lumki, yerlarning sho‘rini yuvish mavsumiy tadbir bo‘lib, bundan asosiy maqsad ekin ekiladigan maydonlardagi tuproqlarning o‘simlik ildizi rivojlanadigan aktiv qatlami tarkibidagi sug‘orishlar oqibatida to‘plangan zararli tuzlarni suv bilan eritib, yerosti sizot suvlari bilan zovurlar orqali yer maydonlaridan tashqariga chiqarib yuborishdir. Navoiy viloyatida sho‘r yuvish ishlari 21 dekabrdan boshlanib, fevral oyining oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Ushbu dolzarb jarayonni amalga oshirishda nimalarga ahamiyat qaratish lozim? Karmana, Navbahor, Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida sho‘r yuvish va sho‘r yuvishga yer tayyorlash ishlarini tashkil etish, bu borada fermer va dehqonlarga tavsiya hamda ko‘mak berish borasida viloyatning ko‘rgazmali o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar, fermerlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari ishtirok etdi. Seminarda yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvishni o‘tkazishning bir qancha umumiy qoidalari haqida gapirildi. Xususan, bunda birinchi navbatda sug‘orish shahobchalarini va zovurlarni tozalash kerak. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sho‘ri yuviladigan yerlar 35-40 santimetr chuqurlikda shudgor qilinib molalanadi. Uzun yelkanli tekislagich bilan ikki yo‘nalishda qiyalik farqi 5 santimetr tekislanadi. Chunki notekis yerlarda tuproqni bir xilda suv bostirib tuzlardan tozalab bo‘lmaydi. Suvdan tejamli foydalanish imkoniyati yo‘qoladi. Sho‘rlangan yerlar asosan bostirib yuviladi. Bunday yuvish uchastka o‘qariqlari va chellar olinib, bo‘laklarga bo‘linadi, pollarning katta-kichikligi dalaning nishabligini va tekislash sifatiga qarab belgilanadi.
Viloyatda 20 ming gektar sho‘r yuviladigan maydon bo‘lib, uning 3 ming 580 gektarini kuchli, 12 ming 610 gektarini o‘rtacha, 3 ming 810 gektarini esa kuchsiz sho‘rlangan maydonlar tashkil qiladi. Sho‘r yuvishga viloyat bo‘yicha jami 156,6 million metr kub suv talab etiladi.
- Sho‘r yuvishni kuchli sho‘rlangan maydonlardan boshlash zarur,- deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. – Cheldan chelga suv quyib sug‘orish, suv quyilgan maydondan suv tashlash man etiladi. Shuningdek, yer suvga to‘liq bostirilishi lozim, aks holda sifatsiz sho‘r yuvilgan bo‘ladi. Suvdan unumli va tejamli foydalanish kerak. Bu esa sho‘r yuviladigan maydon nazoratsiz qolmasligi shartligini ko‘rsatadi. Sho‘r yuvish ishlari kechayu kunduz tashkil etilishi lozim. Buning uchun suvchilar rezina etiklar va tosh fonarlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Sho‘r yuvish ishlari davomida bu qoidalarga amal qilinayotganiga doir nazorat tadbirlarini o‘tkazishni ko‘zda tutganmiz.
Aytish kerakki, viloyatda mazkur jarayonni sifatli o‘tkazilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Jumladan, 51 ta sho‘r yuvish otryadlari tashkil etilgan bo‘lib, ularga 4 ming 599 nafar suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari va fermer xo‘jaliklar suvchilaridan iborat ishchilar biriktirilgan.
Navbahor tumanida 2021 yil hosili uchun jami 115 ta fermer xo‘jaliklarida 4600 gektarda sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tuman bo‘yicha bu tadbir joriy yilning 21 dekabrdan boshlanib, 2021 yilning 28 fevraliga qadar o‘tkazilishi belgilangan. Sho‘r yuvish ishlariga jami 32,8 ming m3suv talab qilinadi.
- Mavjud 90 gektar yerimizning 50 gektarida sho‘r yuvish ishlari bajariladi, - deydi tumandagi “Tohir qizi Habiba” fermer xo‘jaligi raisi Ziyovuddin Mahamatov. – Shunga yarasha hozirlik ko‘rildi, yerlar shudgor qilinib, chel olindi. Suv olish ishlariga oltita suvchi ajratganmiz. Ular fonar, rezina etiklar bilan ta’minlangan. Sho‘r yuvish ishlarini sifatli qilib o‘tkazishni mo‘ljallab turibmiz.
“Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan naql bejizga aytilmagan. Ertangi hosildorlikning “cho‘g‘i baland” bo‘lishida bugungi harakatning o‘rni katta. Xususan, sho‘r yuvish ishlari o‘z vaqtida kechiktirilmay olib borilishi zarur. Bu esa yerning yaxshi yetilishi va ekin ekish ishlari muddatida bajarilishini ta’minlaydi. Shunga ko‘ra viloyatda sho‘r yuvish va sho‘r yuvishga yer tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati