Maʼlumki, boshoqli don ekilgan maydonlarda ekin holatini inobatga olgan holda bargidan oziqlantirish, yaʼni suspenziya sepish, sugʼorish, oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida sifatli amalga oshirish gʼalladan yuqori va sifatli don hosil olishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Navoiy viloyatida jami 38 039 gektar maydonga 2021 yil hosili uchun boshoqli don ekilgan. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari tomonidan gʼalla maydonlarida suspenziya sepish ishlarining jadal borishi nazoratga olingan.
Viloyatda suspenziya sepish ishlariga qatnashadigan purkagichlar soni 130 tani tashkil etib, shundan 108 ta OVX, 22 ta shtangali texnikalari hisoblanadi. Bugungi kunda mavsum boshidan buyon 59 146 gektar gʼalla maydonlariga suspenziya sepildi. Hududda birinchi supenziya sepish ishlari toʼliq yakunlanib, ikkinchi suspenziya sepish ishlari davom etmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, suspenziyani maysalar toʼliq naychalash bosqichiga kirganda oʼtkazish lozim. Gʼallani bargdan oziqlantirish hosildorlikni 3-5 sentnerga oshiradi va don sifatini yaxshilaydi.
-Purkash ishlari oʼtkazilayotganda havo ochiq boʼlishi kerak, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Begzod Bozorov. – Harorat 18-25 gradus atrofida va namlik 65 foizdan kam boʼlmagan miqdorda koʼzlangan natijaga erishiladi. Yogʼingarchilik ehtimoli boʼlganda purkash ishlarini kamida 4 soat oldin yakunlash yoki yomgʼir tugashini kutib, oʼsimliklar qurigandan soʼng purkash zarur. Fermerlarning iliq ob-havodan unumli foydalanib, suspenziya ishlarini kechiktirmay amalga oshirilishi nazorat qilib borilmoqda. Jumladan, purkagichlarni ishga chiqmaslik sabablari oʼrganilib. Inspektsiya viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari tomonidan sababsiz holda suspenziya sepish ishlariga qatnashmagan purkagichlar borligi aniqlanganda, fermer xoʼjaliklari va boshqa qishloq xoʼjaligi korxonalariga nisbatan ogohlantirish taʼsir choralari koʼrilmoqda.
Viloyatning Qiziltepa tumanida 10 224 gektar maydonga 2021 yil hosili uchun boshoqli don ekilgan boʼlib, suspenziya ishlariga 30 ta OVX qishloq xoʼjaligi texnikalari jalb etilgan. Bugungi kunga qadar 15 863 gektar maydonda suspenziya sepish ishlari amalga oshirildi.
Tumanning “Аrabon” hududida joylashgan “Xusbuddin barakali hosili” fermer xoʼjaligida ham gʼalla maydoniga ikkinchi suspenziya sepish ishlari olib borilmoqda.
- Gʼalla maydonimiz 30 gektarni tashkil etadi, - deydi fermer xoʼjalik raisi Dilmurod Toʼxtaev. – Suspenziya sepish sifatli va kechiktirilmay bajarilsa, ertangi hosildorlikning moʼl boʼlishiga xizmat qiladi. Shuni inobatga olib, muhim agrotexnik tadbirni vaqtida boshladik. Iliq kunlarda 1-suspenziya sepish ishlarini toʼliq tugatdik. Hozirda 24 gektar gʼalla maydoniga 2-suspenziya sepish ishlari yakunlandi. Yana bir marta gʼalla maydonlariga suspenziya sepiladi. Bu jarayonni ham sifatli olib borishni rejalashtirganmiz.
Maʼlumot oʼrnida taʼkidlash joiz, mavsum boshidan buyon suspenziya sepilgan maydon tumanlar kesimida tahlil qilganda, Xatirchida 17 540, Navbahorda 13 559, Karmanada 9 626, Konimexda 2 558 gektarni tashkil qiladi.
Viloyatda qishloq xoʼjaligining mazkur muhim agrotexnik tadbiri davom etmoqda.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati