Ру Ўз O`z En

Navoiyda 8 404 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish ishlari boshlandi

25 Mart 2021 3166

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda taʼkidlanganidek, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda. Bu borada Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan.

O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni olib kelib o‘rnatish, shartnomalarni rasmiylashtirish va boshqalar nazorat ostiga olingan.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerak, 2021 yil viloyat bo‘yicha 12 474 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan 431 ta shartnomalar tuzilgan bo‘lib, bu 12 567 gektar maydonda ushbu texnologiyalar o‘rnatiladi deganidir. Buning uchun viloyat bo‘yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 131 milliard 12 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bugungi kunda 8 404 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun qurilish ishlari boshlangan.

Viloyat bo‘yicha 2021 yilda paxta xomashyosi yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish yuzasidan ham chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, 10 000 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish, 576 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi.

Karmana tumanida 2 555 gektar maydonda 2021 yilda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni davrda tumandagi 1 681 gektar gektar maydonda tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.

Tumanning “Narpay” hududida joylashgan “Shohijahon kelajagi Karmana” fermer xo‘jaligining yer maydoni 100 gektar bo‘lib, 44 gektari paxta ekishga mo‘ljallangan. Fermer Shuhrat Toshev 44 gektar payta maydoniga tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish uchun harakatni boshladi. Buning uchun kredit asosida 770 million so‘m sarfladi. Shartnomaga ko‘ra, sifatli polietilen quvurlar olib keltirilib, 44 gektar maydonga to‘liq o‘rnatildi.

 -Paxtani sug‘orishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelar edik,- deydi fermer Sh. Toshev. - Suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatganimiz, suv isrofini oldini olishi, har bir qatorga suvning to‘liq yetib borishi, shu bilan birga ishchi kuchini kamaytirgani bilan bizga maʼqul bo‘ldi. Chigitni qo‘shqator usulida ekmoqchimiz. Bu quvur yotqizilgan maydonga kultivatsiya ishlari uchun texnikalarni chigit ekilganidan g‘o‘za yetilguniga qadar agrotexnik tadbirlarni bemalol bajarish uchun ham imkoniyat yaratadi. Hosildorlik 50-60 sentnerga yetadi, degan niyatdamiz. Olingan kreditni subsidiya mablag‘lari hisobidan to‘lashni mo‘ljallab turibmiz.

 - Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilgan maydonlarga subsidiyalar ajratish belgilangan, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. - Unga ko‘ra, paxta va uzum plantatsiyalariga – 8 million so‘mdan 11 million so‘mgacha, mevali ekinlarga – 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklarga – 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga - 1,5 million, poliz ekinlariga – 1,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan.

Viloyatning Qiziltepa tumanida 2021 yil 3220 gektar qishloq xo‘jaligi maydonida, Xatirchida 3648, Karmanada 2555, Navbahorda 2550, Nurotada esa 594 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish joriy etiladi. Birgina Qiziltepa tumanida “Shahzod kelajagi”, “Safarota”, “Mustafobobo 2021”, “Durbek 2002” va boshqa fermer xo‘jaliklar tomonidan paxta maydonlarida suv tejovchi uskunalarni o‘rnatish uchun hovuzlar qizilib, zarur bo‘lgan mahsulotlar- yer osti quvurlari, lenta, filtr, nasos va boshqalarni pudratchi tashkilotlar bilan shartnoma asosida olib kelib qurish ishlari davom etmoqda.

-   Ekinlar tomchilatib sug‘orilganda, suvning tuproqqa behudaga shimilishi bartaraf etiladi, - deydi “O‘zagroinspeksiyaQiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Erkin Azimov. - Daladan tashlamaga suv chiqarilmaydi. Natijada sug‘orishga ishlatish uchun rejalashtirilgan suvning katta qismi tejaladi. Tomchilatib sug‘orishda dalaning faqat ekin ekilgan qismigina sug‘oriladi, yaʼni asosan ekin sug‘oriladi. Pirovardida tomchilatib sug‘orilganda, boshqa sug‘orish usullariga nisbatan ekin turiga qarab 50 foizgacha suv tejaladi.

Shubha yo‘qki, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvni isrof qilmaslik, tejash, shu bilan birga  hosildorlik cho‘g‘i baland bo‘lishi maqsadidagi bu kabi saʼy-harakatlar xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi yo‘lidagi ezgu qadamlardan biridir.

 

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Text to speech