“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarida paxta to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan 2021 yil hosili uchun tayyorlangan hamda muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan yuqori sifatli urug‘lik chigitlarni joriy yil hosili uchun chigit ekish belgilangan fermer xo‘jaliklari va boshqa subyektlarga yetkazib berilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan viloyatda joriy yil hosili uchun 32 588 gektar maydonga chigit ekish belgilangan bo‘lib, buning uchun 2,0 ming tonna urug‘lik chigit sarflanishi rejalashtirilgan. Bugungacha 1,9 ming tonna urug‘lik chigit tayyorlangan bo‘lib, shundan 1,1 ming tonnasi tukli, 0,8 ming tonnasi tuksiz urug‘lik chigitni tashkil qiladi.
Raqamlardan ko‘rinadiki, tayyorlangan urug‘lik chigitning 58 foizi tukli urug‘lik chigitni tashkil qilib, chigit ekish mavsumini qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi urug‘lik chigit tarqatish SHAXOBCHALARINING mavsumga shayligi bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, inspektorlar tomonidan joylardagi mavjud urug‘lik chigit tarqatish shaxobchalarida monitoring o‘tkazilib, ularning mavsumga shay holatdaligi o‘rganildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, viloyatda urug‘lik chigitlarni tarqatish uchun 28 ta urug‘lik chigit tarqatish shaxobchalarini tayyorlash belgilangan. Shundan 24 tasi “Baxt tekstil” MCHJ, 4 tasi “Navbahor tekstil” MCHJga qarashli bo‘lib, bugungi kunda “Navbahor tekstil” MCHJga qarashli 4 ta, “Baxt tekstil” MCHJda 11 ta shaxobcha mavsumga shay holatga keltirilgan.
Qolgan shaxobchalarda taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, shaxobchalarda 445 ta chigit ivitish handaqlari mavjud bo‘lib, shundan 210 tasida taʼmirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa, qolganlarida bu jarayon davom etyapti.
“Baxt tekstil” MCHJga qarashli shaxobchalarga 6 ta chigitni tashish transportlari, 371 ta yog‘och tagliklar, 15 ta maxsus suv quyish chelaklari, 92 ta maxsus kiyim bosh, 20 ta tarozi hamda 24 ta yog‘och belkuraklar, “Navbahor tekstil” MCHJga qarashli shaxobchalarga 3 ta chigitni tashish transportlari, 100 ta yog‘och tagliklar, 9 ta maxsus suv qo‘yish chelaklari, 8 ta maxsus kiyim bosh, 3 ta tarozi hamda 6 ta yog‘och belkuraklar keltirilgan bo‘lsa, qolgan inventarlarni ham olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Qiziltepa tumanida 9 ta chigit tarqatish shaxobchasidan 4 tasi, Karmana tumanida esa 6 ta shaxobchadan 3 tasi mavsumga shay holatga keltirilgan. Qolganlarida ham tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
- Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha jami 2627 tonna tozalash-saralash,
791 tonna tuksizlantirish, 1883 tonna urug‘lik chigitlarni dorilash ishlari amalga oshirilib, mazkur texnologik jarayonlarda urug‘lik chigitning sifat ko‘rsatkichlari inspektorlar va Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazining viloyat filiali mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilib borildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Abbos Rizoqulov. - Dorilangan urug‘lik chigitlarga muvofiqlik sertifikati olish uchun Respublika Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi DUKning sertifikatlashtirish laboratoriyasiga jami 1960 tonna, shundan, 2021 yilda dorilangan 1714 tonna va o‘tgan yildan ortib qolgan 246 tonna urug‘lik chigitlar yuborilib, muvofiqlik sertifikati olindi.
Ushbu yo‘nalishlarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati