Аyni kunlarda Respublikamiz boʼylab 2021 yil gʼalla hosili uchun boshoqli don ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlar qizgʼin olib borilmoqda. Bunda asosiy maqsad sifatli hosildorlikka erishishga qaratilgan.
Navoiy viloyatida 2021 yil gʼalla hosili uchun jami 38 ming 39 gektar yerga kuzgi boshoqli don ekish ishlari amalga oshirilgan edi. Shundan 8 ming 564 gektari ochiq maydonlarga, 29 ming 474 gektari gʼoʼza qator oralariga toʼgʼri keladi. Kuzgi boshoqli don parvarishi bilan bogʼliq agrotexnik tadbirlarning borishi “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan nazoratga olingan.
Maʼlumot oʼrnida qayd etish joiz, joriy yil Karmana tumanida jami 6 ming 120 gektar, Konimexda 1 ming 785, Qiziltepada 10 ming 224, Navbahorda 8 ming 682, Xatirchida 11 ming 228 gektar ochiq maydon hamda gʼoʼza qator oralariga kuzgi boshoqli don ekish ishlari yakunlanib, ushbu maydonlarda gʼallani parvarishlash boʼyicha belgilangan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, gʼalla maydonlarida mahalliy oʼgʼit jamgʼarish ayni kunning muhim jarayonlaridan biri sanaladi. Koʼpni koʼrgan tajribali dehqonlar bilishadi, kech kuz va qish mavsumlari kelgusi yil hosiliga tayyorgarlik koʼrish uchun asosiy davrdir. Bunda mahalliy oʼgʼit jamgʼarishga alohida eʼtibor qaratiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tuproqqa mahalliy oʼgʼitlar solinganda ogʼir tuproqlarning zichligi kamayadi, ularga ishlov berish osonlashadi, havo va suv singdirish qobiliyati yaxshilanadi. Mahalliy oʼgʼitlar tarkibida oʼsimlik uchun zarur boʼlgan shakl va nisbatlarda barcha ozuqa unsurlari mavjud boʼlib, bu qishloq xoʼjalik ekinlaridan moʼl va sifatli hosil olish uchun muhim omil boʼlib hisoblanadi.
Bugungi kunda viloyatda gʼalla ekilgan har bir konturning suv kiradigan quloqlari boshida 3 x 2 x 1,5 oʼlchamda 7607 ta hosil handaqlari qazilib, gektariga 5 tonnadan mahalliy oʼgʼit jamgʼarish ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, viloyatda parvarishlanayotgan 38 ming 39 gektar gʼalla maydonlariga mahalliy oʼgʼit jamgʼarish rejasi 190 ming 195 tonna boʼlib, bugungi kunda 119 ming 382 tonna mahalliy oʼgʼit jamgʼarildi. Jumladan, Xatirchida 35 ming 562 tonna, Qiziltepada 29 ming 471, Navbahorda 29 ming 417, Karmana tumanida 19 ming 430 tonna, Konimexda 5 ming 502 tonna mahalliy oʼgʼit jamgʼarilgan.
Shuningdek, gʼalla maydonlarida mahalliy oʼgʼit jamgʼarish boʼyicha nazorat tadbirlari oʼtkazilmoqda. Bu borada sustkashlikka yoʼl qoʼyayotgan fermerlarga belgilangan tartibda ogohlantirishlar berilmoqda.
Taʼkidlash joiz, viloyat boʼyicha bugungi kunda jami 36 ming 218 gektar maydonlarda gʼalla nihollari unib chiqib, shundan, 6 ming 50 gektari 1-2 barg, 10 ming 911 gektari 3-4 barg, 19 ming 257 gektari tuplash fazalarida rivojlanmoqda.
Shu bilan birga boshoqli donni kechiktirib ekish evaziga rivojlanishdan orqadan qolgan gʼalla maydonlari borligidan ham koʼz yumib boʼlmaydi. Bu boʼyicha viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan kerakli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
- Hududlardagi ayrim fermer xoʼjaliklari tomonidan gʼalla ekish ishlari kechiktirilganligi sababli bugungi kunga qadar viloyat boʼyicha 1 ming 821 gektar (4.8 %) gʼalla maydonlarida don unib chiqmaganligini koʼrish mumkin, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” ning viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish boʼlimi inspektori Sobirjon Jalilov.- Bundan tashqari, viloyat boʼyicha 136 ta fermer xoʼjaliklarining 2 ming 359 gektar gʼalla maydonlari rivojdan orqada qolgan (qoloq maydon). Ushbu raqamlarni tumanlar kesimida tahlil qilganda, Karmana tumanida 14 ta fermer xoʼjaligining 367 gektar, Konimexda 5 ta fermer xoʼjaligining 125 gektar, Qiziltepada 42 ta fermer xoʼjaligining 629 gektar, Navbahorda 39 ta fermer xoʼjaligining 564 gektar, Xatirchida 36 ta fermer xoʼjaligining 674 gektar rivojdan orqada qolgan gʼalla maydonlariga toʼgʼri keladi.
Mazkur fermer xoʼjaliklari rahbarlari Inspektsiyaning tuman boʼlimlari tomonidan belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʼz muddatlarida bajarilishini taʼminlash toʼgʼrisida rasman ogohlantirilgan.
Shuningdek, viloyatda unib chiqmagan, rivojdan orqada qolgan “qoloq” gʼalla maydonlarini qoloqlikdan chiqarish yuzasidan yanvarь-fevralь oylarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan boʼlib, ushbu chora-tadbirlar dasturiga viloyat hamda tuman tashkilotlaridan masʼullar biriktirilgan.
Viloyatda inspektorlar tomonidan gʼalla parvarishi boʼyicha nazorat tadbirlari davom etmoqda.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati