Ру Ўз O`z En

NАVOIYDА URUGʼLIK PАXTАNI SАQLАSh TАRTIBIGА RIOYa ETILIShI OʼRGАNILDI

30 Noyabr 2020 2156

Urugʼlik paxtani qabul qilib olish va uni belgilangan tartiblarga rioya etgan holda saqlash muhim jarayon hisoblanadi. Sababi, kelgusi yil hosilining sifatli hamda moʼl boʼlishi urugʼlik chigitning sifatli saqlanishi bilan chambarchas bogʼliqdir.

Navoiy viloyatida joriy yilda mavjud paxta toʼqimachilik klasterlariga qarashli urugʼlik paxta qabul qilish korxonalari tomonidan 6 ming 858,2 tonna urugʼlik jamgʼarilishi rejalashtirilgan boʼlib, bugungi kunga qadar jami 37 ta, shundan 3 ta ombor va ayvonlarga hamda 34 ta gʼaramlarga “Buxoro-102”, “Buxoro-6”, “Аn-Bayovut-2”, “Sulton”, “S-01”navlaridan iborat 6 ming 807,7 tonna urugʼlik paxta qabul qilingan. Qabul qilib olingan urugʼlik paxtaning hammasi klaster korxonalari hisobiga toʼgʼri keladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiya viloyat boshqarmasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining “Urugʼchilik toʼgʼrisida”gi Qonuniga hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi “2020 yilda gʼoʼzani navlari boʼyicha joylashtirish va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari toʼgʼrisida”gi 985-son qarori ijrosi yuzasidan tumanlarda 2020 yil hosilidan yetishtirilgan urugʼlik paxta xom ashyosini terish, tayyorlov punktlarida qabul qilish, toʼdalarga jamgʼarish, saqlash ustidan nazorat oʼrnatilgan.

Аytish kerakki, viloyatda 2020 yil hosili uchun urugʼlik paxta yetishtirish huquqiga ega boʼlgan fermer xoʼjaliklarning aprobatsiyadan oʼtgan urugʼlik paxta maydonlaridan Oz DSt: 642:2013 “Urugʼlik paxta. Texnikaviy shartlar” davlat standarti asosida qabul qilish ishlari olib borildi.

Boshqarma inspektorlari tomonidan paxta-toʼqimachilik klasterlari korxonalarida 2020 yil paxta hosili uchun jamgʼarilgan 25 ta urugʼlik paxta gʼaramlari oʼrganildi. Tadbir davomida, tunnel kovlash, qirqish, tarash va pasport kartochkalari yozish ishlari yakuniga yetkazilganligi, urugʼlik paxta gʼaramlariga 1-kategoriyadagi yopgichlar bilan toʼliq yopilganligi hamda urugʼlik paxta gʼaramlarini bir martadan havo soʼrgich orqali yaʼni otsos qoʼyish ishlari yakuniga yetkazilgani maʼlum boʼldi.

Lekin bir qator kamchiliklar, jumladan, 12 ta urugʼlik gʼaramlarda tunnel kovlash, qirqish, tarash va pasport kartochkalari yozish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi, urugʼlik paxta gʼaramlariga 1-kategoriyadagi yopgichlar bilan toʼliq yopilmaganligi aniqlandi. Qolaversa, “Baxt tekstil” MChJga qarashli Karmana tumani А.Navoiy paxta qabul qilish maskanida saqlanayotgan S-01 gʼoʼza navi 1-avlodiga mansub urugʼligining 409a-toʼda raqamli 7a-gʼaramiga 6 oktyabrь kuniga qadar urugʼlik paxta qabul qilingan boʼlib, bugungacha tunellar qazish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Mazkur kamchiliklar “Oʼzagroinspektsiya”viloyat boshqarmasi inspektorlari nazorati ostida bartaraf etilishi taʼminlandi.

- Shuningdek, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul xodimlarga nisbatan MJtKning 212-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy jazo qoʼllanilib, toʼplangan hujjatlar Karmana, Qiziltepa va Xatirchi maʼmuriy sudlariga yuborildi, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Аbbos Rizoqulov. - Bundan tashqari, qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʼgʼrisida tegishli tashkilotga taqdimnoma kiritildi.

Maʼlumot oʼrnida qayd etish kerak, bugungi kunda 2020 yil hosili uchun viloyatda tayyorlangan urugʼlik paxtalarning gʼaramlaridan tahlil uchun namunalar tanlab olinmoqda. Urugʼliklarning mexanik shikastlanish darajasi, pishganlik darajasi, chigitning unib chiqish quvvati, urugʼning unuvchanligi va 1000 dona urugʼ vazni kabi qator koʼrsatkichlarini hamda sifatini oʼrganib borish ishlari paxta-toʼqimachilik klasterlari bilan Inspektsiya qoshidagi Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi DUK Navoiy viloyati filiali tomonidan olib borilmoqda.

Shu bilan birga viloyatda paxta toʼqimachilik klasterlari tomonidan jamgʼarilgan urugʼlik paxta xom ashyosining sifatli saqlanishi yuzasidan nazorat faoliyati davom ettirilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech