O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan nazorat “O‘zagroinspeksiya” zimmasiga yuklatilgan.
Inspeksiyaning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazildi va tadbir davomida qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer va fuqarolar tomonidan yer resurslaridan samarasiz foydalanish, yer maydonlarini o‘zlashtirish kabi qonunbuzilish holatlari uchradi.
Xususan, 2020 yilning o‘tgan davri davomida o‘tkazilgan monitoring-tahlillar davomida 22 nafar fuqaro tomonidan 7,38 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi oqibatida davlatga 279 mln 819 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Jumladan; Nurobod tumanining Nurbuloq massivi hududidagi “Sarbon sabr nur” fermer xo‘jaligiga qarashli 48 balli suvli yer maydonidan Kechkeldik MFYda yashovchi fuqaro Sh.J.0,27 gektar, Oltinsoy MFYda yashovchi fuqaro A.E. A.Temur massivi hududidagi “Chunqaymish ulka RAN” fermer xo‘jaligining lalmikor yer maydonidan 0,20 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda egallab olganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchaskalari berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilar, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga asosan, Inspeksiyaning Nurobod tumani bo‘limi tomonidan yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha Nurobod tuman sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud qaroriga ko‘ra, da’vogarning qonuniy talabi to‘liq qanoatlantirilib, fuqarolar tomonidan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining muomiladan chiqarilishi oqibatida yetkazilgan 279 mln 819 ming so‘mlik zarar davlat foydasiga undirildi hamda noqonuniy egallangan yer maydonlari fermer xo‘jaliklariga qaytarildi.
Asliddin To‘raev,
Inspeksiyaning Nurobod tumani bo‘limi katta inspektori
A.Xudoyorov,
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
bosh inspektori