Mamlakatimizda goʼsht va goʼsht mahsulotlariga talab katta. Bu esa chorvachilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjaliklarini yanada rivojlantirish, qoramol bosh sonini koʼpaytirish, goʼsht va sut salmogʼini oshirishni taqozo etadi. Bunda qoramollarning nasl va mahsuldorlik imkoniyatlarini koʼpaytirishning alohida oʼrni bor. Аytish kerakki, Navoiy viloyatining Nurota tumani chorvadorlari ayni shu maqsad yoʼlida mehnat qilishmoqda. Hududda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xususan goʼsht ishlab chiqarish (tirik vaznda) 14,3, sut 22,6, jun 0,7 ming tonnaga, tuxum 16,1 million, qorakoʼl teri 43,8 ming donaga, asal 23,5, baliq 268 tonnaga yetkazilgan. Jumladan, goʼsht ishlab chiqarish oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 106,2 foizga, sut 103,1, tuxum 108, qorakoʼl teri 102,4, asalning 104,4 foizga oʼsishiga erishilganligi fikrimizni isbotlaydi.
Tumanda chorvachilikni rivojlantirish, xususan chetdan naslli qoramollar keltirish va mahalliy qoramollar zotini yaxshilash boʼyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda qoramolchilikni rivojlantirish dasturiga asosan “Sherzod nur tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 milliard 800 million soʼmga bank krediti evaziga Frantsiya davlatidan 66 bosh golshten zotidagi sut yoʼnalishidagi loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, "Barot bobo 2022" MChJ tomonidan 60 bosh va “Golden FFF” fermer xoʼjaligi tomonidan 41 bosh goʼsht yoʼnalishidagi qoramolchilik loyihalarini ishga tushirish boʼyicha tarmoq jadvallari tasdiqlangan boʼlib, amalda “Golden FFF” fermer xoʼjaligining 450 million soʼm oʼz mablagʼlari evaziga Qozogʼiston davlatidan 41 bosh goʼsht yoʼnalishidagi naslli qoramollar keltirilib parvarish qilinmoqda.
Tumanda naslli chorvani talab darajasida boqish, bu boradagi qonun va qoidalarga amal qilinishi qay darajada boʼlmoqda? Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Nurota tuman boʼlimi tomonidan 2020 yilning oʼtgan davrida ayrim chorvachilik-naslchilik faoliyati bilan shugʼullanuvchi xoʼjalik yurituvchi subʼektlarda ana shu savolga javob topish va yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida nazorat tadbirlari oʼtkazildi. Oʼrganish va tekshirishlar davomida Oʼzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʼgʼrisida”gi Qonuniga hamda bu sohadagi huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilmayotganligi aniqlandi.
Jumladan, 2020 yilning oʼtgan davrida “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish sohasi”da 3 ta qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʼgʼrisida taqdimnoma kiritildi, 17 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatildi, 43 nafar shaxs normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilishiga yoʼl qoʼymaslik haqida rasman ogohlantirildi. 6 ta yozma koʼrsatmalar berildi.
- Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida qorakoʼlchilik-naslchilik faoliyati bilan shugʼullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlarda bir qancha qonun buzilishlar sodir etilgani aniqlandi - deydi “Oʼzagroinspektsiya” Nurota tuman boʼlimi katta inspektori Muhammad Hoshimov.- Jumladan, qorakoʼl-naslchilik bilan shugʼullanuvchi “Nurota qorakoʼl naslchilik”, “Qizilcha qorakoʼl naslchilik”, “Istiqlol qorakoʼl naslchilik”, “Gʼozgʼon naslchilik” MChJlarning 17 nafar ayrim bosh choʼponlari Oʼzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʼgʼrisida”gi Qonunining 11-moddasi talablarini buzib, MChJga tegishli boʼlgan javobgarligidagi naslli mayda shoxli chorva mollari bilan birgalikda oʼzining shaxsiy boshqa turdagi mayda shoxli chorva mollarni qoʼshib boqib, qonun buzarlik holatlarini sodir etgan. Ularga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 92-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatilib, mazmunan koʼrib chiqish uchun tuman maʼmuriy sudiga yuborildi. Sudning qonuniy qarorlariga asosan maʼmuriy huquq buzarliklarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.Ushbu holat boʼyicha MChJ rahbarlariga qonun buzilish holatlari, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, nazorat tadbirlarida sunʼiy urugʼlantirish hisobotlarini haqqoniy toʼgʼri yuritmaganlik holati boʼyicha ham kamchiliklar aniqlangan. Holat boʼyicha yigʼilgan materiallarga qonuniy chora qoʼllash uchun tuman prokraturasiga yuborilgan.
Аyni kunlarda Inspektsiya tuman boʼlimi inspektorlari tomonidan chorvadorlarga naslli qoramollarni parvarishlash, naslchilik qonun-qoidalariga rioya etish boʼyicha zarur tavsiya va koʼmak ham berib kelinmoqda.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati