Ру Ўз O`z En

Ob-havoning keskin sovub ketishi g‘alla rivojiga salbiy taʼsir ko‘rsatdi

17 Mart 2021 2399

Qish oyining so‘nggi kunlari va ko‘klamning dastlabki oyida kuzatilgan sovuq ob-havo g‘alla maysalarining baravj rivojlanishiga o‘zining salbiy taʼsirini o‘tkazmasdan qolmadi. Tabiiyki, bunday murakkab vaziyat dehqondan g‘alla parvarishiga eʼtiborini har qachongidan ko‘ra kuchaytirishni hamda ekinni azotli va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishni talab etadi.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, mana shunday paytlarda har bir yer egasi birinchi galda fevral oyida g‘allaning o‘sish-rivojlanish davrini aniqlash maqsadida g‘alla maydonlarida zudlik bilan monitoring o‘tkazishi va o‘rganishlar davomida maysaning to‘la tuplanganlik darajasini 3-4 barg, 1-2 barg hosil qilgani, unib chiqmagan maydonlarni va nihollarni rivojlanish bosqichlarini aniqlashi lozim. Agar g‘alla nihollari 3-4 barg, 1–2 barg yoki unib chiqmagan, yer yorilish holatlari kuzatilsa, ushbu maydonlarga jamg‘arilgan quruq go‘ng sochishni tashkil etishi hamda bu maydonlarda har 2–3 kunda kuzatish ishlarini olib borishi maqsadga muvofiqdir.

 Bu oydagi eng muhim agrotexnik chora-tadbirlardan yana biri – bu g‘alla maydonlaridagi nihollarni qishlovdan chiqqanligini aniqlab, to‘liq tuplagan maydonlarda 1-oziqlantirish boshlanadi. Ushbu agrotexnik tadbirlarda azotli o‘g‘itning o‘rni naqadar muhim ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bahorgi oziqlantirishda azotli o‘g‘itlar yillik meʼyorining (180–210 kg sof holda) taʼsir etuvchi modda hisobidan 25 foiz berish tavsiya qilinadi (fizik holda gektariga ko‘pi bilan 150–160 kg).

Jizzax viloyatida 2021 yilgi hosili uchun 2 ming 687 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 93 ming 500 gektar maydonda g‘alla parvarish qilinmoqda.

-Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, ushbu maydonlarni keraklicha va qo‘shimcha oziqlantirishni sifatli tashkil etish maqsadida klaster korxonalari tomonidan jami 192 nafar nazoratchilar biriktirilgan bo‘lib, fevral oyida har gektariga 200 kg.dan azotli o‘g‘itlar bilan 1-oziqlantirish tadbirlari amalga oshirildi, - deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. -Hozirgi kunda azotli o‘g‘itlar bilan har gektariga o‘rtacha 300 kg.dan 2-oziqlantirish ishlari davom etmoqda.

Joriy yilning 15 mart holatiga ko‘ra, mavsum boshidan buyon 2 ming 492 nafar fermer xo‘jaliklari tomonidan 21 ming 993 tonna azotli o‘g‘it hisobiga 87 ming 726 gektar, yaʼni 94,1 foiz maydonda oziqlantirish tadbirlari o‘tkazildi. Bu kabi agrotexnik tadbirlar yaqin kunlarda nihoyasiga yetib, keyingi yumushlarga navbat beriladi. 

“O‘zagroinspeksiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech