Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Inspeksiya markaziy apparati va “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning ravnaqi yo‘lidagi ishlarida munosib hissa qo‘shayotgan, tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan bir qator boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar munosib taqdirlandilar.
Tantanali o‘tgan mazkur bayram tadbirini Agroinspeksiya rahbari A.Vaxabov ochib berib, barchani mustaqilligimizning 32 yillik bayrami bilan qutlagan holda, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
- Mustaqillik yurtimizga Yaratgan tomonidan berilgan eng oliy neʼmatdir. Shunday ekan, bugungi tinch, osuda hayotimizning qadriga yetish, vatan ravnaqi, mamlakat farovonligi uchun o‘z hissamizni qo‘shish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini, xususan, agrar sohani rivojlantirish, xalqimiz dasturxoniga sifatli mahsulot yetkazib berishni taʼminlashda ishtirok etish Inspeksiya tizimida mehnat qilayotgan har bir xodimning muhim vazifalaridan biri bo‘lishi lozim.
Ana shunday vazifani amalga oshirishda albatta, siz hamkasblarimizning xizmatingiz beqiyos. Ulug‘ shodiyonani nishonlash arafasida xodimlarimizning qalbida bayram shukuhini uyg‘otish, o‘z ishidan mamnunlik, ertangi kunga ishonch, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishlari uchun zamin yaratish oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizdan biri deb bilaman va bugungi tashkil etgan tantanali tadbirimiz ham aynan shu maqsadimizning ro‘yobi desam adashmayman
Yuqoridagilarni inobatga olib, mustaqil vatanimizning gullab-yashnashi yo‘lida ko‘rsatgan xizmatlari, Inspeksiya tizimining rivojlanishi, qolaversa, mamlakatning iqtisodiy va agrar sohasiga qo‘shgan munosib hissasi, jamoat ishlaridagi faolligi hamda tashabbuskorligi uchun Inspeksiya markaziy apparati hamda , «O‘zagroinspeksiya» huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi xodimlariga o‘z tashakkurimizni bildiramiz.
Shundan so‘ng, bir guruh faol xodimlarga Rahbariyatning tashakkurnomalari topshirildi.
«O‘zagroinspeksiya» Axborot xizmati