Ру Ўз O`z En

O‘tgan 2022-yilda ko‘rilgan amaliy choralar natijasida salkam 17 ming holatda suv isrof bo‘lishining oldi olindi

6 Yanvar 2023 1328

«O‘zagroinspeksiya» tomonidan 2022 yil davomida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isrof bo‘lishini erta oldini olish, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tadbirkorlik subyektlarida profilaktika va amaliy tadbirlar o‘tkazib kelindi.

Xususan, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi inspektorlar tomonidan shu yilning o‘zida joylarda 20 ming 949 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

Berilgan aniq ko‘rsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 16 ming  991 ta holatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv isrof bo‘lishining oldi olindi.

Jumladan, ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish, suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish, sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va boshqa shu kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, ming 958 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘yilishining oldi olindi.

Buning natijasida esa, davlatdan subsidiya olib, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan, lekin mazkur texnologiyani  ishlatmasdan turgan 15 ming 818 gektar maydonda  texnologiyalar qayta ishga tushirilishiga erishildi.

Inspeksiya xodimlarining bevosita amaliy yordami bilan :

2535 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari o‘rtasidagi nizoli holatlar bartaraf etildi;

2949 ta holatda suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda ko‘maklashildi;

591 ta joyda o‘quv-amaliy seminarlari tashkil qilinib, 2 276 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish, undagi talablar buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar ko‘rsatildi.

Inspeksiya xodimlari tomonidan suv tanqisligi sezilgan hududlarda bir sug‘orish tarmog‘idan foydalanuvchi fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqalar o‘rtasida suvdan navbatlab foydalanish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinishi natijasida suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sug‘orish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanishi taʼminlandi.

"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi

 

Text to speech