O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi “Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 310-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Inspeksiya boshlig‘ining 2020 yil 27 mayda I28-sonli buyrug‘i ishlab chiqildi.
Mazkur buyruqqa asosan, suvni yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan suvdan foydalanuvchilar (iste’molchilar), suvdan foydalanuvchilar bilan suv iste’molchilari o‘rtasida yuritiladigan suvning oldi-berdi jurnallarini shnurlangan holda Inspeksiyaning tumanlar bo‘limlarida ro‘yxatga olish tartibi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, joylardagi suv yetkazib beruvchi tashkilotlar, suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarining suv olish joylari inventarizatsiyadan o‘tkazilib, suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlangan suv olish joylariga hamda yuritilayotgan suvni oldi-berdi jurnallariga aniqlik kiritiladi.
Xuddi shuningdek, suvni oldi-berdi jurnallarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmasdan suv olish holatlariga nisbatan ta’sirchan choralar qo‘llash tartibi to‘g‘risida joylarda o‘quv seminari o‘tkaziladi.
O‘z navbatida, inventarizatsiya natijalariga ko‘ra aniqlangan suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan hamda suvning oldi-berdi jurnali yuritilmagan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sirchan choralar ko‘riladi.
Suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda suvning hisob-kitobi yuritilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatilib, joylarda maqsadli o‘rganishlar o‘tkazib boriladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan
suv resurslari va yerlardan foydalanishni
nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i: A.Tashmatov