Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va muqobil energiyadan foydalanish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplashga doir belgilangan qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan qabul qilingan Hukumat qarorining mazmun-mohiyatini joylardagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga yetkazish maqsadida joriy yilning 15 iyulidan 2 avgustiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda markazlashgan holda ko‘rgazmali amaliy seminarlar tashkil etildi.
O‘tkazilgan seminarlarda Suv xo‘jaligi vazirligi masʼullari, “O‘zagroinspeksiya”, Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tuman irrigatsiya bo‘limlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining masʼul xodimlari, klaster, fermer xo‘jaligi va qurilish tashkiloti rahbarlari ishtirok etdi.
Xususan, “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari xodimlari o‘quv seminarida ishtirok etib, unda suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda mazkur texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan fermer xo‘jaliklari va boshqa seminar ishtirokchilariga tushunchalar berildi.
Shunday tadbirlardan biri, 2022 yil 2 avgust kuni Koson tumanidagi “Asli Najim” fermer xo‘jaligi dalasida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etilishida yaratilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar bo‘lib, unda qatnashgan tadbir ishtirokchilarga Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 315-sonli qarorining mazmun-mohiyati to‘g‘risida atroflicha maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, seminar ishtirokchilariga davlat tomonidan tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlarga subsidiyalar ajratish tartiblari tushuntirildi.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan joylarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 2 894 ta profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.
Suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda mazkur texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun Inspeksiya fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyatini yana-da oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rib borilishi taʼminlanadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi