Ру Ўз O`z En

"O‘ZAGROINSPEKSIYA"NING JIZZAX VILOYATI BOSHQARMASIDA ELEKTRON KUTUBXONA FAOLIYATI YO‘LGA QO‘YILDI

10 Iyun 2020 4088

 

Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishimizning muhim kafolatidir.

 Sh. Mirziyoev

 

Buyuk maqsadlar ro‘yobida kitobning o‘rni beqiyos. U inson shuurini misoli mash’ala yanglig‘ yoritib, ziyo nuri orqali kishini ma’naviyat sari yetaklaydi. Kamolotning yuksak cho‘qqisiga chiqishda ham kitob cheksiz kuch-qudrat vositasidir. Shu bois azal-azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donishlar kitob o‘qishni o‘zlarining hayotiy mazmuniga aylantirib, undan ilmu odob sirlarini o‘rganishga chorlab kelishgan.  

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi hamda 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” gi qarori jamiyatda kitobxonlikka bo‘lgan munosabat o‘zanini ijobiy tomonga burdi.

     Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi ham mazmunan shunga qaratilgan. Bu o‘z navbatida yoshlarning ma’naviy barkamol bo‘lib ulg‘ayishi, turli yot illatlarga qarshi turishi, o‘z kasbi va vataniga sadoqatli bo‘lishini ta’minlaydi. Innovatsion yutuqlardan samarali foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasida elektron kutubxona tashkil etildi.

-Hozirda “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarida jami 113 nafar xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan 31 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etadi, -deydi boshqarmaning katta inspektori, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi D.Ziyatov. – Bunga barcha hamkasblarimiz, ayniqsa kitobsevar tengdoshlarimiz qiziqish bilan qarashmoqda. O‘ylaymanki, yangilik kelgusida ularning kitobga bo‘lgan mehri va zavqini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Ma’lumot o‘rnida, elektron javondan 50 ga yaqin ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, badiiy, tarixiy hamda agrar sohaga oid turli tuman adabiyotlar joy olgan. Foydalanuvchilar telefonida QR kodni skaner qilib, taqdim etilgan havola orqali bazadan o‘ziga kerakli adabiyotning elektron nusxasini bir zumda topishi va o‘zining shaxsiy uyali telefoniga yuklab olishlari mumkin.

 

“O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi

Text to speech