Xalqaro paxta kuni 2019 yil 7 oktabrda ilk marotaba nishonlandi. Paxtaning jahon iqtisodiy va ijtimoiy hayotida muhim mahsulot ekanligini inobatga olgan bir qator davlatlar Birlashgan millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasiga rasmiy murojaat bilan chiqishgan edi.
Xalqaro paxta kunini nishonlashdan maqsad jahon iqtisodiy va ijtimoiy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan mahsulot bilan bog‘liq bo‘lgan sohadagi muammolar va imkoniyatlarga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish, uning ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi ijobiy o‘rnini ko‘rsatishdan iboratdir.
O‘zbekiston ham ushbu sanani sohada amalga oshirilgan muavaffaqiyatlar bilan kutib olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida qisqa muddat ichida ushbu sohada misli ko‘rilmagan islohotlar yuz berib, tarixiy va asrlar davomida kutilgan o‘zgarishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
E’tiboringizga sohada amalga oshirilgan muhim faktlarni havola qilmoqchimiz:
- 2020 yil hosilidan ashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilindi. 2017 yilda boshlangan islohotlar natijasida paxta endilikda paxta to‘qimachilik-klasterlari va fermerlarning ixtiyoriy kooperatsiyalariga tegishli paxta tozalash korxonalarida qayta ishlanadi.
- 2020 yildan boshlab paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi;
- Paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar (fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar)ga rayonlashtirilgan g‘o‘za navlarini erkin joylashtirish huquqi berildi;
- 2021 yil hosilidan boshlab paxta xom ashyosi yetishtirish uchun kredit olishda fermer xo‘jaliklari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshirish huquqi berildi;
- paxta xom ashyosini xarid qilish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalarga beriladigan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘lanadigan foiz stavkalarini belgilangan miqdorda davlat mablag‘lari hisobidan kompensatsiya berish imtiyozlari joriy etildi;
- Paxtani terishda bolalar mehnati va majburiy mehnatidan foydalanishni butkul tugatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalarini majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlandi, ularni bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llaniladigan bo‘ldi.
- Xalqaro mehnat normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirildi – XMTning 4 ta konvensiyasi (“Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli, “Qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 129-sonli, “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 81-sonli konvensiyalar va “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnoma) ratifikatsiya qilindi;
- Birgina 2019 yildagi o‘rganishlar davomida jami 259 ta majburiy mehnat holatlari aniqlanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan 772 mln. so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan. Majburiy mehnat holatlarining 141 tasi paxta yig‘im-terim mavsumida sodir etilganligi aniqlangan. 2019 yil paxta yig‘im-terim mavsumi davomida majburiy mehnat yo‘l qo‘ygan 43 ta mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan. Jazo choralari qo‘llanilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Mehnat vazirligi saytida e’lon qilindi;
- O‘zbekiston Respublikasining 22.01.2020 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-603-sonli qonuni bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlikning kuchaytirildi, ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi;
- O‘zbekistonda ilk marotaba paxta iqtisodiy va ijtimoiy barqaror BCI standartlari asosida yetishtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha federal vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida “Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shilgan qiymatni oshirish“ global dasturi ishga tushirildi. Unga ko‘ra 2021 yilda Qashqadaryo, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida BSI kriteriylari asosida 10 200 ga yerda paxta yetishtirish ko‘zda tutilgan.
- Ushbu davrda ilk marta O‘zbekistonda halqaro davlat standarti asosida organik paxta yetishtirildi. 2019 yilda Toshkent viloyatining “Textile technologies group” MChJ XK faoliyati va uning Chinoz paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri tomonidan O‘zbekistonda ilk bor 217 ga yerda organik paxta yetishtirilgan, 2020 yilda 600 ga yerga organik paxta yetishtirish rejalashtirilgan.
- Suv sarfida samarali foydalanish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirish maqsadida xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab berish amaliyoti joriy etildi.
2019--2022 yillarda ekinlarni sug‘orishda 253,4 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish belgilangan bo‘lib, Shu kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yilgacha jami 77,5 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan;
- O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 - 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasining ustivor yo‘nalishlarining biri sifatida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash deb belgilangan.
- Respublikada, jumladan paxta urug‘chiligi, yetishtirish, qayta ishlash sohasida ilmiy-tadqiqotlarni moliyalashtirishning umuman yangicha tizimi joriy etildi.
- Yetishtirilgan paxta tolasi to‘liq O‘zbekistonda chuqur qayta ishlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Mutaxassislarning hisob kitobiga qaraganda respublikad yektishtirilgan paxta tolasi eksportga 1,3 mlrd. AQSh dollari qiymatiga sotilgan bo‘lsa uni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlar ko‘rinishida 7,5 mldr. AQSh dollariga yaqin qiymatida sotilishi mumkin. Buning natijasida o‘n minlab odamlar uchun daromad manbai bo‘lib hisoblanadigan ish o‘rinlari, yangi faoliyat yo‘nalishlarini, mamlakatga yangi innovatsiyalar va texnologiyalarni yaratilishi va o‘zlashtirilishi uchun zamin yaratilishi mumkin.
Erishilgan yutuqlarga qaramay, hali sohada hal etilmagan va yechimini kutayotgan muammolar va katta imkoniyatlar talaygina. O‘ylaymizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining siyosiy irodasi va tashabbusi bilan paxta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar davom etadi va har yili ushbu kunni yangi zafarlar bilan kutib olamiz.
Shoiragul Mamadalieva,“O‘zagroinspeksiya”ning paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limining bosh inspektori