“O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyati, Qiziltepa tuman bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer resurslaridan samarali foydalanishini nazorat qilish yo‘nalishida doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Bunda Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Yer kodeksi” ijrosini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi inspektorlari, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi va “Shahzod kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari R.Bozorovlar ishtirokida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali foydalanish ahvoli o‘rganildi.
Nazorat tadbirlari davomida “Toshrabot” hududi “G‘amxo‘r” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Shahzod kelajagi” fermer xo‘jaligiga ijaraga ajratib berilgan 820 konturdagi 8,71 gektar 45 ball bonitetli sug‘oriladigan ekin yer maydonining jami 0,36 gektari fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda egallab olinganligi aniqlandi. Shundan 0,11 gektar yer maydonida uy-joy binolari qurib olingan.
Natijada fuqarolar tomonidan davlat manfaatiga 25 million 778 ming so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Mazkur qonun buzilishiga sababchi bo‘lgan shaxslarga nisbatan to‘plangan hujjatlar tuman prokuroturasiga yuborildi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, may oyida “Toshrabot” hududi “Qal’ai-Azizon” mahallasida yashovchi fuqarolarning Inspeksiya tuman bo‘limiga qilgan murojaatiga asosan ushbu hududdan o‘tuvchi “Toshrabot” yopiq yotiq drenaj tarmog‘ida nosozlik kelib chiqqanligi o‘rganildi. Natijada yer osti sizot suvlarining ko‘tarilishi oqibatida fuqarolar tomonidan tomorqa yerlarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekib, mahsulot yetishtirishda qiyinchiliklarga duch kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuzaga kelgan salbiy holatni bartaraf etish maqsadida Inspeksiyaning tuman bo‘limi boshchiligida mas’ul mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda maxsus texnika yordamida “Toshrabot” yopiq yotiq drenaj tarmog‘ida aniqlangan nosozlik tezda bartaraf etildi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyati boshqarmasi