Sifatli paxta xom-ashyosini yetishtirish dehqondan uddaburonlikni va tadbirli boʼlishni talab qiladi. Negaki, chigit urugʼini yetishtirishdan tortib, uni yerga qadash, koʼchatlarni undirib olish, voyaga yetkazish va parvarishlashning oʼzi boʼlmaydi. Buni yillar davomida dehqonchilik qilib kelayotgan mirishkorlar juda yaxshi biladi. Yerga chigit qadalgandan toki uning unib oʼsgunigacha tinimsiz mehnat, kunni tunga ulashga toʼgʼri keladi. Аyniqsa, joriy yilning bahor oyi har qachongidan seryogʼin va murakkab kelgani mirishkor-dehqonlarga katta qiyinchilik tugʼdirdi va tabiatning kutilmagan hodisalari masʼuliyatni oʼn chandon oshirdi.
Nihollarning jadal oʼsishini taʼminlash maqsadida Jizzax viloyati boʼylab kulьtivatsiya, chuqur yumshatish, azotli mineral oʼgʼitlar bilan bahorgi birinchi oziqlantirish ishlari jadallikda olib borildi. Bu borada “Oʼzagroinspektsiya” ning Zarbdor tumani boʼlimi xodimlari tomonidan texnikalarning yaroqliligi, agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʼrnatilgan. Yaʼni, tumanda 468 ta fermer xoʼjaliklarining 11 ming 200 gektar chigit ekilgan maydonlarida zarur agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida kechiktirilmay amalga oshirilishi taʼminlanmoqda. Shu bilan birga xodimlar fermerlar bilan uchrashib, ularga kerakli tavsiya hamda maslahatlarni berib kelishayapti.
Maʼlumot oʼrnida, tuman boʼyicha gʼoʼza qator oralariga ishlov berish ishlarida 247 ta chopiq traktorlari, 247 ta kulьtivator, 52 ta yuqori unumli texnika, gʼoʼzani bargidan oziqlantirish ishlarida 116 ta purkagichlar ishtirok etmoqda. Аgrotexnik tadbirlarga esa 1 ming 253 nafar ishchi jalb etilgan. Jumladan, Baxt FXHU hududida 2020 yil paxta hosili uchun 20 ta fermer xoʼjaliklarining 540,8 gektar maydonlarida 12 ta chopiq traktorlari, yana shuncha kulьtivatorlar qator oralarini kulьtivatsiya qilish ishlariga jalb etilgan boʼlib, ushbu tadbir bugungi kunda avj pallasiga kirgan. Misol uchun, mavjud 50 gektar yer maydonining 30 gektariga paxta ekkan «Lalmikor yer» fermer xoʼjaligida agrotexnik tadbirlar bir zum boʼlsa-da, susaytirilgani yoʼq. Xoʼjalik aʼzolari ushbu yerga paxtaning «Elita Sulton» navidan qadaganlar. Hozirgi kunda qishloq mulkdorlarining gʼoʼza maydonida agrotexnik ishlari davom ettirilmoqda. Yer egalariga tegishli uchta texnikaning barchasi yangi va zamonaviydir.
Bir soʼz bilan aytganda, hududda suspenziya bilan ishlov berish, zararkunandalarga qarshi kurash, oʼgʼitlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Maqsadimiz, ertaga moʼl hosil olishga erishishdan iborat. Kezi kelganda aytib oʼtish joiz, fermer xoʼjaliklarida mexanizatorlarga oylik maoshlar vaqtida berib borilyapti. Shu bilan birga ularning dam olishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Mexanizatorlar uyi doimiy shay holatda. Xullas, oʼz vaqtida olib borilayotgan sifatli agrotexnik tadbirlar paxta xomashyosini oʼz vaqtida yetishtirishdagi ahamiyati kattadir.
Islombek Ummatov, “Oʼzagroinspeksiya” Zarbdor tuman boʼlim texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish shoʼʼbasi inspektori