Mamlakatimizda fermer xoʼjaliklarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay sharoit yaratish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Shunday boʼlsada, bugungi kunda ayrim fermer xoʼjaliklari tomonidan qonunni bila turib, yerdan foydalanish boʼyicha qonunchilikda nazarda tutilgan norma va qoidalarga rioya etmaslik holatlari uchrab turibdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Zafarobod tuman boʼlimi tomonidan olib borilgan oʼrganish va tekshiruvlarda aniqlangan qonunbuzarliklar fikrimizni yaqqol isbotlaydi.
Jumladan, tumandagi S.Sindarov FXHU dagi paxta-gʼallachilik yoʼnalishida faoliyat koʼrsatayotgan “Qulmirzo bobo” fermer xoʼjaligiga jami 79,5 gektar yer ajratilgan. Tuman hokimi qarori bilan xoʼjalikning 29 gektar maydoniga 2020 yil hosili uchun paxta ekilishi rejalashtirilgan. Аmmo paxta ekiladigan yerning 1 gektariga poliz ekinlari ekilib, yerdan foydalanish qoidalari qoʼpol ravishda buzilgan.
Shunday holatlardan yana biri tumandagi “Suluvqoʼrgʼon” fermer xoʼjaligida kuzatilgan. Bugungi kunda fermer xoʼjaligi tasarrufida jami 98,7 gektar yer maydoni mavjud boʼlib, rejaga muvofiq, 35,7 gektar maydonga paxta ekilishi belgilangan. Аmmo oʼz majburiyatidan chetga chiqib, rejalashtirilgan yerning 33 gektarga paxta ekib, qolgan 2,7 gektariga poliz ekinlarini joylashtirishni “lozim” topadi. Bu esa Maʼmuriy javbgarlik toʼgʼrisidagi Oʼzbekiston Respublikasi qonunining 65 – moddasida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʼladi.
Xuddi shunday holat “Jomboy” fermer xoʼjaligida ham sodir etilgan. Xoʼjalikka jami 95,4 gektar yer maydoni tegishli. Shundan 60 gektariga boshoqli don (bugʼdoy) ekilishi kerak boʼlgan yerning 1,5 gektariga xoʼjalik rahbari oʼzboshimchalik bilan poliz ekinlarini ekib oladi.
Yuqoridagi holatlar boʼyicha hujjatlar rasmiylashtirilib, Maʼmuriy javbgarlik toʼgʼrisidagi Kodeksning tegishli bandlariga koʼra, “Qulmirzo bobo” fermer xoʼjaligi, “Suluvqoʼrgʼon” hamda “Jomboy” fermer xoʼjaligi rahbarlariga tegishli miqdorda jarima jazolari tayinlanadi.
Oʼsarboy Oʼtanov,“Oʼzagroinspektsiya”ning Zafarobod tuman boʼlimi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi katta inspektori