Аyni dam Sirdaryo viloyati mirishkor dehqonlari tomonidan erta bahorda ekilgan paxta chigitining hosili va yoz boʼyi qilingan mehnatlar samarasi taroziga tushayotgan palla. Yetishtirilgan paxta xom-ashyosini sifatli yigʼib-terib olish va paxta qabul qilish maskanlariga topshirish mavsumi boshlab yuborilgan.
Shu munosabat bilan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tumani, "Mirzaobod universal trayd" MChJ paxta qabul qilish maskanida oʼtgan hafta oʼtkazilgan oʼquv seminari paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda fermer xoʼjaliklar tomonidan topshirilayotgan paxta xom-ashyosini qabul qilish, miqdori va sifatini aniqlashda vujudga keladigan muammolarni hal etish kabi masalalarga bagʼishlandi.
2020 yil hosilidan boshlab, respublikada yetishtirilgan paxta toʼliq paxta toʼqimachilik klasterlari va fermer xoʼjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tarkibidagi paxta tozalash korxonalarida qayta ishlanadi.
Toʼqimachilik sanoatining muhim xom-ashyosi boʼlib hisoblanadigan paxta tolasi sifati nafaqat uni paxta tozalash korxonalarida saqlash, qayta ishlash jarayonini toʼgʼri tashkil etilishiga, balki dalalardagi paxtani sifatli terib olish, ularni paxta tayyorlov maskanlarida toʼgʼri qabul qilish va gʼaramlarga navi, namlik va ifloslik koʼrsatkichi boʼyicha toʼgʼri jamlashga ham bogʼliq.
Shu bilan birga paxtani qabul qilishda navi, iflosligi, namligi va miqdorini toʼgʼri aniqlash fermer xoʼjaligi tomonidan topshirilayotgan paxtaning xarid narxlarini haqqoniy belgilash, paxtaning konditsion vazni boʼyicha adolatli ustama va chegirmalar qoʼllashda ham muhim oʼrin tutadi.
Paxtaning sifati va miqdorini aniqlash natijalari tayyorlov maskani laboratoriyalari xodimlarining sinovlarni oʼtkazish malakasi, standart talablarini bilishlari, sinovlarda qoʼllaniladigan sinov vositalari va jihozlarning talablarga javob berishiga bogʼliq.
Paxtani topshirish va qabul qilish ishtirokchilari tomonidan paxtani qabul qilish, sinovlarni oʼtkazish tartibini oʼrganish nooʼrin nizoli holatlarni kelib chiqishini oldini oladi, paxtani toza va quriq terish orqali ustamalar olishni ragʼbatlantiradi.
Bu yil viloyatda 2020 yilda 72 ming 557 gektar maydonga urugʼ qadagan Sirdaryolik paxtakorlar tomonidan jami 203 ming 650 tonna sifatli paxta xom-ashyosini yigʼishtirib olish rejalashtirilgan.
Аyni vaqtda hududda faoliyat yuritib kelayotgan 6 ta paxta toʼqimachilik klasterlari tomonidan 2020 yil paxta hosilini qabul qilib olish uchun 20 ta paxta qabul qilish maskanlari mavsumga tayyorlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2020 yil paxta hosilini yigʼib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 545-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda paxta xom-ashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn oʼrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning qoʼllanilishi yuzasidan tizimli nazorat oʼrnatish hamda taraflar oʼrtasida yuzaga keladigan nizolarning oldini olish maqsadida hududlarda malakali mutaxassislardan iborat “Аrbitraj” guruhlari tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilarga laboratoriyada paxta xom-ashyosini sinov jarayonlarida yoʼl qoʼyilayotgan xato va kamchiliklar sababli kelib chiqishi mumkin boʼlgan nizoli holatlar yuzasidan tushunchalar berildi va nizoli holatlarda eʼtibor qaratilishi lozim boʼlgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi
Xususan, qabul maskanlariga keltirilgan hosilning namligi, ifloslilik darajasini aniqlash, laboratoriya tekshiruvlarini oʼtkazish, meʼyoriy hujjatlar asosida ish tashkil etish kabi masalalarga alohida toʼxtalib oʼtildi.
Tadbirda Inspektsiyaning tuman boʼlimlarining paxtani qabul qilish, miqdori va sifatini aniqlash, vujudga keladigan muammolarni hal etish boʼyicha tuzilgan ishchi guruhi aʼzolari ishtirok etdilar. Seminar ishtirokchilariga 2020 yil paxta hosilini qabul qilishda paxtaning sifati va miqdorini aniqlash, shuningdek nizoli holatlarni koʼrib chiqish boʼyicha paxta yetishtiruvchi fermer xoʼjaliklari, klasterlar, tayyorlov maskanlari xodimlari hamda “Oʼzagroinspektsiya”ning inspektorlariga tavsiyalarni oʼz ichiga olgan metodik qoʼllanmalar tarqatildi.
Sherzod Narbaev, "Oʼzagroinspektsiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Paxta xom-ashyosi, don, urugʼlar va ularni qayta ishlashdan olingan maxsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori