Joriy yil 14 sentyabr kuni “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Baxt tekstil” MCHJ qo‘shma korxonasining Xatirchi filialiga qarashli “Korxona oldi” paxta qabul qilish maskanida “Paxta qabul qilish maskanlarining mavsumga hozirligi” mavzusida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Press-tur tashkil etildi.
2022 yil Navoiy viloyatida 31 655 gektar maydonga paxta ekilgan bo‘lib, shundan 3 ming 166 gektarini urug‘lik maydonlari tashkil etilgan bo‘lib, paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va sifatli, o‘z vaqtida o‘tkazilishi Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan monitoring qilib borildi.
Bugungi kunda paxta maydonlarida defoliatsiya tadbirlari yakunlanish arafasida. Bu yilgi mavsumda viloyat bo‘yicha 898 dona tirkamalar va 10 dona paxta terish mashinalari qatnashishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning barchasi texnik soz holatga keltirilgan.
Xatirchi tumanida esa 10 465 gektarga paxta ekilgan bo‘lib, yig‘im-terim ishlariga 273 ta tirkamalar jalb etilgan.
Bugungi kunda viloyatda “Baxt tekstil” MCHJ, “Navbahor tekstil” MCHJ, “Tekstil Navoiy grup” MCHJ va “Xudoyshukur bobo klaster” MCHJ paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari va ularga tegishli Qiziltepa, Xatirchi va Navbahor paxta tozalash korxonalari tizimida 16 ta paxta qabul qilish maskanlari mavjud.
"O‘zagroinspeksiya" tomonidan mazkur paxta qabul qilish maskanlarining joriy va kapital taʼmirlash ishlari muntazam nazoratga olib borildi va 2022 yil paxta hosilidan 115 ming tonna paxta xom-ashyosini qabul qilishga to‘liq shay holatga keltirildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar paxta qabul qilish maskanlarini kapital taʼmirlanishi, paxta xom ashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari, suv saqlash hovuzlarining holati, 1-kategoriyali brezentlar bilan taʼminlanishi hamda elektr yoritgichlar va yong‘in xavfsizligi jihozlarining ishchi holatda ekanligi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Garchi, paxta qabul qilinishida shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga to‘liq rioya qilinishi, chegirma va ustamalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida nizoli holatlar kelib chiqishiga o‘rin qoldirmaslik laboratoriya tahlillarining adolatli o‘tishi bilan chambarchas bog‘liq jarayon hisoblanadi.
Press-tur yakunida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda paxta qabul qilish maskanlarida tashkil etilgan va Agroinspeksiya xodimlari biriktirilgan “Arbitraj guruhlari” vazifasi nimalardan iborat ekanligi xususida so‘z bordi. Bu haqida “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Ubaydullayev so‘z olib, jurnalist va OAV vakillariga atroflicha maʼlumot berib o‘tdi.
Jumladan, 2022 yil paxta hosilini qabul qilish davrida paxta topshiruvchi fermer xo‘jaliklarining topshirish jarayonlarinida navbatlar tufayli ko‘p vaqt kutib qolmasliklarini oldini olish hamda paxta xom ashyosini meʼyordan ortiq yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, paxta qabul qilish maskanlarini kapital taʼmirlanishi, paxta xom ashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari, suv saqlash hovuzlarining taʼmirlanishi, 1-kategoriyali brezentlar bilan taʼminlanishi hamda elektr yoritgichlar shitlarning va yong‘in xavfsizligi jihozlarini ishchi holatiga shayligi bo‘yicha Agroinspeksiyaning tegishli tarmoq inspektorlari tomonidan doimiy nazorat olib borilib 4 ta ogohlantirish va bajarilishi majbur bo‘lgan 4 ta yozma ko‘rsatmalar berildi.
Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘ining 2022 yil 5 sentyabrdagi “Fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi 64-sonli buyrug‘ida ko‘rsatilgan topshiriqlar asosida Paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlar tomonidan paxta xom-ashyosini qabul qilishda laboratoriya tahlillarini shaffof o‘tkazilishi hamda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn o‘rtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qo‘llanilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, viloyat va tuman “Arbitraj” guruhlari zimmasiga yuklatilgan.
Shuningdek, Paxta xom-ashyosining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashida yuzaga kelgan nizolar bo‘yicha namunalar qayta sinovdan o‘tkazilishi, tahlillarni standart talablari asosida o‘tkazilganligi va chegirma to‘g‘ri qo‘llanilayotganligi “Arbitraj guruhlari” tomonidan nazorat qilib boriladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Z. Boboyeva, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh inspektor