Ру Ўз O`z En

Paxta qabul qilishdagi nizoli holatlar adolatli hal etilyaptimi?

27 Sentyabr 2021 2001

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Hukumatning 2021 yil 30 avgustdagi “Joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar to‘g‘risida”gi 153-sonli yig‘ilish bayoni hamda 2021-yil 8-sentyabrdagi 140-sonli topshirig‘i ijrosini taʼminlash maqsadida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi paxta to‘qimachilik klasterlariga tegishli 371 ta tayyorlov maskanlarida paxta xom-ashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat boshqarmalari hamda tuman bo‘limlarida “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislarini jalb qilgan holda 13 ta viloyat va 134 ta tumanlarda Arbitraj guruhlari tashkil etildi.

Joriy yilning 27-sentyabr holatiga ko‘ra, tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xom-ashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan Arbitraj guruhlariga 356 ta murojaat kelib tushgan, shundan 249 ta (69,9 foiz) holat fermer xo‘jaliklari foydasiga, 107 ta (30,1 foiz) holat tayyorlov korxonalari foydasiga hal etilgan.

Jumladan, Namangan viloyatida 115 ta, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 40-57 tadan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 20-21 tadan, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 4-17, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida 13-14 tadan nizoli holatlarning barchasini yechimi topilib, hal etilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlariga asosan Arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni hal etish natijalari bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

Bu yilgi yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilinishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat etilishi natijasida, joriy yilning 27 sentyabr holatiga respublikada tayyorlangan paxta xom-ashyosining 90,2 foizi 1-navga, 9,7 foizi 2-navga, 0,1 foizi 3-navlarga qabul qilingan.

“O‘zagroinspeksiya” va uning hududlardagi boshqarma hamda bo‘limlari tomonidan fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlarida yetishtirilgan paxta xom-ashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xom-ashyosini sifatli qabul qilib va uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.

 

“O‘zagroinspeksiya”ning Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi

Text to speech