Ру Ўз O`z En

Paxta tolasining narxi Nyu Yorkdagi ICE Futures U.S birjasining fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqib belgilanadigan bo‘ldi

23 Iyun 2020 6017

Paxta tolasi to‘qimachilik sanoatining asosiy xom-ashyo mahsulotlaridan biri hisoblanadi. 2019-2020 yillar davomida dunyoda jami 25,89 mln tonna paxta tolasi ishlab chiqilgan bo‘lib,  25.4 mln. paxta tolasi qayta ishlanishi kutilmoqda. O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda beshta yirik davlatlar qatoriga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5-maydagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5989-sonli qarori bilan  bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang‘ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanishi belgilandi.

May oyiga  qadar  yurtimizda paxta tolasining boshlang‘ich narxi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 fevraldagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Paxta tolasini sotish va hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom” ga muvofiq Sotton Outlook Ltd kompaniyasining Sotton A indeksi qiymati asosida belgilanar edi.

Jahon paxta tolasi bozorida xalqaro tola narx kotirovkasi deyilganda odatda Nyu York ICE Futures U.S birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun paxta tolasiga  fyuchers kotirovkasi va Sotton Outlook Ltd kompaniyasining Sotton A indeksi tushuniladi .

Buyuk Britaniyaning Sotton Outlook Ltd kompaniyasi 90 yildan buyon paxta bozoridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida yangiliklarni tarqatish bilan shug‘ullanadi. 1966 yildan buyon esa paxta tolasining Cotlook narx indekslarini hisoblaydi va chop etadi, uning A indeksi jahon tola bozori narx barometri bo‘lib hisoblanadi .

Paxta tolasi fyucherslar bo‘yicha ikkinchi halqaro narx kotirovkasi bu ICE Futures US birjasining fyucherslari kotirovkasidir.

ICE Futures US fyuchers bitimi miqdori 50 000 funt va bazis sifatga ega bo‘lgan tola uchun tuziladi va ushbu bitim ICE Futures Cotton #2 nomlanadi. Ushbu bitim belgilangan muddalarda real tolani kelgusida aniq muddatlarda (mart, may, iyul, oktabr, dekabr oylarida) yetkazib berish shartlari bilan tuziladi.

Ikkita kotirovkaning geografik va sifat bazislari ham bir-biridan farq qiladi.

Sotton A indeksining geografik bazisi Uzoq Sharq portlari bo‘lsa ICE Futures Cotton #2 fyuchers kotirovkasining bazisi AQShning ma’lum hududlaridir. Ya’ni Sotton A indeksi bo‘yicha  paxta tolasining boshlang‘ich narx qiymati tarkibida Inkoterms halqaro savdo qoidalarining yetkazib berishning CFR bazis shartlari bo‘yicha Uzoq Sharq portlariga yetkazib berish xarajatlari ham kiradi,  fyuchers kotirovkasi bo‘yicha tolani AQShning Texas shtati Galveston (Galveston, TX), Dallas/Fort Uer (Dallas/Ft. Worth, TX), Tennesi shatatining Memfis (Memphis, TN) va janubiy Korolina shtatining Grinvil/Spartanburg (Greenville/Spartanburg, SC.) hududlariga yetkazib berishni nazarda tutadi.

Xuddi shunday, Sotton A indeksining bazis sifat bilan fyuchers kotirovkalari uchun tolaning bazis sifati ham bir-biridan farq qiladi.

AQShda ichki narxlarni qo‘llab-quvvatlash choralaridan biri paxta tolasini kreditlash programmasidir. Ushbu kreditlar doirasida Sotton A indeksidan foydalangan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan AQShda joylashgan tola uchun tuzatilgan jahon narxi e’lon qilib boriladi.

Buning uchun Sotton A indeksidan tolani AQShdan Osiyo portlariga tashish harajatlari hamda A indeksning bazaviy sifati va Nyu-York birjasining bazaviy sifati orasidagi narx farqi chegirib tashlanadi. 

Ushbu ikki jahon tola bozoridagi narx barometri orasidagi farqni yuqoridagi jihatlar bilan tushunish mumkin.

 

Grafikda Xitoy, AQSh fyuchers kotirovkalari va A indeks orasidagi narx farqlari keltirilgan:

Ekspertlarning fikricha O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish sharoitida birja savdosini yanada rivojlantirishning zarur bosqichlaridan biri derivativ moliyaviy vositalarni qo‘llash, buning uchun fyuchers shartnomalarini joriy etish eng maqbul yo‘ldir.

Paxta tolasi uchun boshlang‘ich narxni  aniqlash uchun fyuchers kotirovkasini qo‘llash kelgusida paxta tolasi yetishtiruvchi va to‘qimachilik korxonalarining havflarni muvaffaqiyatli boshqarish imkoniyatini beruvchi paxta tolasi uchun derivativ moliyaviy vositalarni Respublikamizda qo‘llash uchun muhim qadam bo‘lib hisoblanadi.

 

Shoiragul Mamadalieva, Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori

 

 

 

Text to speech