Aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi PF-6094-sonli Farmonining 7-bandi bilan chigit xarid qilish uchun gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlaridan tashqari texnik chigitini qayta ishlash uchun to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)ga ham ega bo‘lish shartligi belgilandi.
Mazkur Farmon bilan korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, tadbirkorlik faoliyati subyektlarida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari “xavfni tahlil qilish” tizimi natijalari asosida amalga oshirilmoqda.
Xususan, "O‘zagroinspeksiya" Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan Urganch tumanida joylashgan "ANUSHTEGEN IMPEX" MCHJ da Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Korxonada texnik chigitdan olingan mahsulotlarni tozalash jarayonida ekstraksiya tizimi mavjud bo‘lmagani sababli texnik chigitni qayta ishlashga nomuvofiq deb topilgan va 2020 yilning 27 dekabr kuni dalolatnoma imzolangan.
Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan korxonaga ekstraksiyalash uskunalarini o‘rnatgan holda to‘liq texnologik siklda ish tashkil etib, faoliyat olib borish, ekstraksiyalash jarayonida ishlab chiqarilayotgan moy mahsulotiga muvofiqlik sertifikati olish bo‘yicha 2021 yil 8 yanvarda yozma ravishda ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, joriy yilning yanvar-mart oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Amudaryo” paxta tozalash korxonasidan 149 tonna, Surxondaryo viloyati “Muzrabod” paxta tozalash korxonasidan 1058 tonna jami konditsion vazni 1207 tonna paxta texnik chigitini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olingan.
Korxonada tekshirish o‘tkazilganda quyidagi holatlar aniqlandi:
- korxonadagi 4 ta preslash uskunalari ko‘zdan kechirilganda press uskunalari texnik chigit qoldiqlaridan to‘lib turganligi;
- 4 ta preslash uskunasida kunjara qoldiqlari borligi va tashqariga lenta orqali kunjara mahsulotlari chiqarilib, uyim holatda va qoplangan holatda saqlanayotganligi;
- Sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqarilgan oldin foydalanishda bo‘lgan sig‘imi 2 tonnalik “Rafinatsiya” qozonida yog‘ mahsulotlari to‘lib turganligi;
- “Neytralizatsiya qozoni” sig‘imi 2 tonnalik qozoni xam yog‘ mahsulotlariga to‘lib turganligi;
- filtirlangan yog‘-moy mahsulotlari qadoqlash sexidagi qozoni yarim to‘lgan holatda yog‘ mahsuloti borligi;
- ochiq maydonda taxminan 400 tonnaga yaqin texnik chigit mahsulotlari saqlanib turganligi holatlari aniqlandi.
Ushbu o‘tkazilgan nazorat tadbirida to‘plangan hujjatlar qonuniyligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyat boshqarmasiga yuborildi. Tegishli hujjatlar asosida “ANUSHTEGEN IMPEX” MCHJga jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi Axborot xizmati