Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan "Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qoʼshilgan qiymatni oshirish" loyihasi doirasida “Oʼzbekiston paxtachilik va toʼqimachilik sanoatida sertifikatlash imkoniyatlari” mazusida trening boʼlib oʼtdi.
Ushbu oʼquv treningi paxtachilik va toʼqimachilik sohasidagi sertifikatlar, ularning Oʼzbekiston uchun dolzarbligi va ahamiyati, sertifikatlashtirish tartiblari va asosiy qoidalari hamda mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishdagi oʼrni kabi jihatlarini oʼz ichiga qamrab olgan.
Treningda Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi, "Oʼztoʼqimachiliksanoat" uyushmasi, “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK, “Oʼzstandart” agentligi, Oʼzbekiston savdo-sanoat palatasi, "Paxtasanoat ilmiy markazi" va paxta-toʼqimachilik klasterlari vakillari hamda standartlashtirish boʼyicha soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilib, loyihaning asosiy maqsadi - paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarishda va dastlabki qayta ishlash tizimini rivojlantirishda hamda eksportga yoʼnaltirishda qoʼllab-quvvatlashdir.
Manba: Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi Аxborot xizmati