Respublika hududlarida 2024-yil hosili uchun barcha toifadagi xo‘jaliklarning asosiy maydonlari va bog‘ qator oralariga 202 ming 798 gektar kartoshka ekini ekilgan bo‘lib, ushbu ekilgan kartoshka maydonlaridan 4 mln 110 ming 148 tonna kartoshka hosilini yetishtirish va yig‘ishtirib olish bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar ishlab chiqilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra Respublika bo‘yicha 1 gektar kartoshka ekilgan maydondan o‘rtacha 203 sentner hosildorlik bo‘lishi kutilmoqda.
Respublikada kartoshka ekinidan yuqori hosil olish maqsadida, “O‘zagroinspeksiya” xodimlari va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda isteʼmol kartoshka hamda urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilib, inspeksiyaning barcha hududiy boshqarmalariga yetkazilib, ushbu tavsiyanomalarni tumanlardagi barcha kartoshka yetishtiruvchi subyektlarga shaxsan yetkazilishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazoratga olindi.
Mazkur tavsiyanomada kartoshka urug‘ligining morfologiyasidan boshlab, kartoshka navlarini har bir hududlarning tuproq iqlim sharoitlariga mos kelishi va shu hududlar uchun davlat reyestriga kiritilganligi, kartoshka navlarining tasnifi, kartoshka ekiladigan maydonlarni tayyorlash, urug‘lik kartoshkalarni undirish, kartoshka urug‘ligini ekish meʼyorlari, shuningdek kartoshka ekilgan maydonlardan yuqori hosil olish uchun agrotexnik tadbirlarni olib borilishi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish muddatlari hamda meʼyorlari, kartoshka ekilgan maydonlarda kasallik va zararkundalarga qarshi ishlov berish, kartoshka hosilini yig‘ishtirib olish va saqlash bo‘yicha batafsil tavsiyalar berilgan.
2024-yilda hududlarda takroriy muddatlarda ekilishi rejalashtirilayotgan qariyb 45-50 ming gektar maydonlar uchun 150 ming tonnaga yaqin urug‘lik talab etiladi.
Ekish mavsumi davomida, mavjud mahalliy va xorijiy urug‘lik kartoshkalarga muvofiqlik sertifikati berilishi hamda fermer xo‘jaliklar, klaster va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga belgilangan muddatlarda yetkazib berilishi, urug‘lik kartoshka saqlanayotgan omborxonalarda urug‘liklarni belgilangan Davlat standartlari talablariga rioya qilingan holda saqlanishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat qilib boriladi.
Z. Ismatov, "O‘zagroinspeksiya" boshqarma bosh mutaxassisi