Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirish urug‘likka bog‘liq. Sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarini nazorat qilish soha xodimlaridan jiddiy masʼuliyatni talab qiladi.
2023-yil hosilidan Toshkent viloyatida jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom-ashyosini qayta ishlash natijasida 2 ming 943 tonna urug‘lik chigitni tozalash hamda 2 ming 60 tonnasini tuksizlantirib dorilash belgilab olingan.
Shuningdek, Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tgan, viloyatga ekish uchun tavsiya etilgan g‘o‘za navlaridan 194 tonna elita, 1 ming 296 tonna birinchi va 570 tonna ikkinchi avlodli urug‘lik chigitini tayyorlash rejalashtirilgan.
Viloyatda ekilishi belgilangan urug‘lik chigitlar tuksizlantirilgan holda tayyorlanishi hamda nav tozaligi super elita va elita avlodli urug‘lik chigitda 100%, birinchi avlodda 99%, ikkinchi avlodda 98%, uchinchi avlodda esa 96% dan kam bo‘lmasligi, shuningdek, unuvchanlik, ifloslik, namlik, mexanik shikastlanganlik va qoldiq tola kabi sifat ko‘rsatkichlari davlat standarti meʼyorlariga mos bo‘lishi talab etiladi.
Qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosi g‘aramlarda kamida ikki oy tinim davrida sifatli saqlanib, paxta xom-ashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng, qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni urug‘lik tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalarga tashish, dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilishini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Shu boisdan urug‘lik chigit tayyorlash uchun mavjud paxta klasterlariga tegishli paxta tozalash korxonalarida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hududiy bo‘limlari bilan birgalikda urug‘lik paxtani tozalash hamda mavjud ikkita urug‘lik chigit dorilash sexlarining ishlashi kunlik monitoring qilib borilmoqda.
Ayniqsa, Respublika bo‘ylab ob-havoning keskin sovib ketishi urug‘lik chigit tayyorlash sexlarining omborxonalarida isitish choralarining ko‘rilganligi, dorilash jarayonlarida namlikning belgilangan meʼyorida bo‘lishi hamda urug‘lik chigitning unuvchanligini yo‘qotmaslik yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilishi eʼtibordan chetda qoldirilmadi.
-Hozirgi kunda viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 2 ming 762 tonna urug‘lik paxta tozalanib, saralanib, 1 ming 222 tonnasi tuksizlantirilib, dorilash ishlari amalga oshirildi. “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘lim mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijasida viloyatda sifatli urug‘lik chigit tayyorlanishiga erishilmoqda. Bu esa kelgusida fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtadan mo‘l hosil olinishida muhim ahamiyat kasb etadi- deydi "O‘zagroinspeksiya" Toshkent viloyat boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i Sh. Usubaliyev.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati