Ру Ўз O`z En

Prezident baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror imzoladi

7 Sentyabr 2020 4200

Respublikada baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, baliqchilik va baliq ovlash xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, ushbu sohada yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda intensiv texnologiyalarning keng joriy etilishini ta'minlash maqsad qilingan.

Prezident “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Belgilanishicha:

2020 yildan boshlab sun'iy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xo‘jaliklariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq suv obektidan olingan va qaytarib chiqarilgan suv hajmi o‘rtasidagi farqidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun belgilangan stavkalarda hisoblanadi;

kollektor-drenaj suvlaridan olib foydalanilgan suv resurslari soliq solish obekti hisoblanmaydi;

baliqchilik xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash uchun foydalanilgan suvning hajmi haqiqatda iste'mol qilingan hajmdan kelib chiqqan holda Suv xo‘jaligi vazirligi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan aniqlanadi;

baliqchilik xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan foydalanilgan suvning haqiqatda iste'mol qilingan hajmini aniqlash imkoni bo‘lmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bazasi belgilangan suvni iste'mol qilish normativlarining 50 foizi miqdorida belgilanadi;

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan har yili suv limitlari belgilanayotganda baliqchilik xo‘jaliklari foydalanishi mumkin bo‘lgan kollektor-drenaj tarmoqlarining ro‘yxati shakllantiriladi hamda Suv xo‘jaligi vazirligining veb-saytida joylashtirib boriladi;

baliqchilik xo‘jaliklari foydalanishi mumkin bo‘lgan kollektor-drenaj tarmoqlaridagi suvlardan kollektor-drenaj tarmoqlarining loyihaviy parametrlariga rioya qilgan holda foydalanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi:

foydalanish mumkin bo‘lgan kollektor-drenaj tarmoqlari, undagi suvlarning sho‘rlanish darajasi va sifati doimiy nazorat qilinishi hamda bu to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida ko‘rsatib borilishini;

sun'iy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xo‘jaliklari uchun suv olish limitlari manbalarning taxmin qilingan va haqiqiy suvliligi, shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklarining suv iste'moli rejalarini hisobga olgan holda belgilanishini;

sun'iy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xo‘jaliklari, suv yetkazib beruvchi tegishli tashkilotlar va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan birgalikda har yili 15 yanvardan kechikmagan muddatda belgilangan tartibda uch tomonlama shartnoma tuzilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.I. Barnoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida sanitariya-muhofaza zonalariga rioya etgan holda 2021 yilga mo‘ljallangan baliqchilik loyihalarini shakllantiradi va ularning amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari o‘z hududida joylashgan qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv iste'moli rejalarini ishlab chiqishda sun'iy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan talabini manbalar kesimida (daryo, kanal, kollektor-drenaj tarmoqlari, soy, buloq va boshqalar) hisobga olinishini ta'minlaydi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan birgalikda:

uch oy muddatda sun'iy suv havzalarida baliq yetishtirish uchun talab etiladigan suv hajmi me'yorlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

2021-2022 yillarda suv tanqisligi sharoitida daryo va kanallardan suv oladigan baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan sun'iy suv havzalarida bosqichma-bosqich yangi resurs tejamkor intensiv texnologiyalardan va ikkilamchi suv manbalaridan keng foydalanish amaliyotini joriy etadi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining Toshkent viloyatida tabiiy va sun'iy suv havzalarining gidrobiologik va gidrokimyoviy tarkibini, omuxta yem sifatini tahlil qilish hamda baliq kasalliklariga tashxis qo‘yish laboratoriyasini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bunda:

kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ularda zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun xorijiy stajirovkalarni tashkil etish;

laboratoriyalarni butlash uchun uskunalar, butlovchi qismlar, reagent va reaktivlarning ro‘yxatga muvofiq xaridlarini amalga oshirish;

baliqchilik sohasida o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini xatlovdan o‘tkazish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish;

laboratoriyalarni tashkil etish, saqlash va xodimlarga ish haqini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi tabiiy suv zaxiralari ixtiofaunasi va suv bioresurslarining yagona ma'lumotlar bankini tashkil etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining ma'lumotlar bankidan foydalanish bo‘yicha ehtiyojlariga muvofiq moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalar tanlovining o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, innovatsion axborot-resurs xonalari, baliqchilikda seleksiya va naslchilik, baliqlarning tabiiy va sun'iy ozuqa sifatini tahlil qilishga ixtisoslashgan laboratoriyalarni barpo etish loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining 2021 — 2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi va «Ipoteka bank» ATIBning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berildi:

yirik baliqchilik klasterlarida baliqlarni inkubatsiya qilish, yopiq suv aylanma tizimida, qafaslar, beton basseynlar va tuproq havzalarida intensiv usulda baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirish bo‘yicha baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini o‘qitish maqsadida pullik asosda o‘quv kurslari tashkil etish;

baliqchilikka o‘qitish bo‘yicha tayanch auditoriyalar, ko‘rgazmali baliqxonalar tashkil etish, shartnoma asosida ushbu yo‘nalishdagi klasterlar, fermer xo‘jaliklari xodimlari, shuningdek, intensiv usulda baliq yetishtirayotgan aholini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish.

Belgilanishicha, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish uchun dasturlar doirasida ajratiladigan kreditlar ustuvor ravishda baliqchilikka o‘qitish bo‘yicha kurslarning tegishli sertifikatiga ega bo‘lgan fuqarolarga ajratiladi.

«Ipoteka-bank» ATIBning «Ipoteka Sarmoyasi» MChJ ustav fondidagi ulushi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasiga o‘tkazilgan hamda ushbu jamiyat tomonidan quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

baliqchilik sohasida loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshirish, shuningdek, yangi loyihalarni ishlab chiqish, mavjud loyihalar (xo‘jaliklar)ning samaradorligini oshirish, ularni moliyalashtirish, lizing xizmatlarini ko‘rsatish, zarur hollarda, loyiha-smeta hujjatlarini, texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda xorijiy ekspertlarni jalb qilish;

intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlarini va jahon andozalari asosida oqsilga boy ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni ishga tushirish;

baliq chavoqlarini yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha zamonaviy naslchilik korxonalarini tashkil etish.

Toshkent viloyati hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi «Chinoz dehqon bozori» MChJning «Yangi Chinoz baliq bozori» filiali bino-inshootlarini tegishli hududi bilan birga, keyinchalik uning negizida baliq va baliq mahsulotlari savdosini tashkillashtirishga mo‘ljallangan zamonaviy savdo kompleksini tashkil etish uchun «Chinoz dehqon bozori» MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushini (unga mos keladigan sof aktivlari qiymatini obektning balans (qoldiq) qiymati miqdorida) kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Text to speech