Bugungi kunda Respublikamizda qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, shu orqali suvdan oqilona va tejab foydalanishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlaridagi suv nazoratiga masʼul bo‘lgan inspektorlari tomonidan bu boradagi ishlar qatʼiy nazoratga olingan.
Jizzax viloyatida 2021 yilda 12 ming 620 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 404 ta talabgorga subsidiya mablag‘lari ajratilgan, -deydi Inspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi bosh inspektori I. Dushaboyev.- Xususan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 350 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 6 ta, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan 7 ta, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan 41 ta suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Bugungi kunga qadar, 2021 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 404 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining har birida profilaktika tadbirlari o‘tkazildi hamda suv tejovchi texnologiyalarni 2021 yilda ishga tushirishga ulgurmagan 60 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga agar 2022 yilning sug‘orish mavsumida mazkur texnologiyalarni ishga tushirmagan taqdirda subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarilishi yuzasidan ogohlantiruv xatlari berilgan.
Bugungi kunda viloyatimizda 2022 yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarini sug‘orish ishlari jadallik bilan amalga oshirilayotgan bo‘lib, g‘o‘za sug‘orishda 2021 yilda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini ishlatilishi yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi Axborot xizmati