Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 150 ga yaqin korxona davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Ularning asosiy qismi xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etilgani ham quvonarli hol. Biroq, masalaning yana bir tomoni borki, o‘simlik yog‘i doimiy isteʼmol qilinadigan mahsulot bo‘lgani bois, uning havfsizlik va sifat ko‘rsatkichlari talablariga muvofiqligi aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa paxta moyi uchun asosiy xom-ashyo bo‘lgan paxta texnik chigiti tarkibida tabiiy zahar-“gossipol” moddasi borligi, uni belgilangan texnologik jarayonlarda qayta ishlashni taqozo etadi.
Xo‘sh, paxta moyi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarning hammasi ham mahsulot sifati belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishiga eʼtibor qaratyaptimi? Barchasida mahsulot sifati birdek kafolatlanganmi?
Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ko‘plab qonunbuzilish holatlari qayd etilmoqda.
Xususan, ayni paytga qadar viloyat hududidagi yog‘-moy korxonasida inspeksiya vakolati doirasida nazorat tadbirlari amalga oshirildi va bir qator korxonalarda turli ko‘rinishdagi qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Misol uchun, shahrisabz tumanidagi “Boqiy quyosh”, “Shomuxamad Sodiq”, Kitob tumanidagi “Xalilov Rasul” va Qarshi shahridagi “Amin sof baraka biznes” oilaviy korxonalarida vakolatli vakilni xabardor qilish tartibida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari) mavjud emasligi ayon bo‘ldi. Bundan ko‘rinadiki, ishlab chiqarish jarayoni belgilangan talablar asosida emas, demak mahsulotning sifatiga ham kafolat bo‘lmaydi. Shunga qaramay, ushbu korxonalar xanuzgacha faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot esa ichki bozorda sotilmoqda.
Qolaversa, “Boqiy quyosh” hamda “Xalilov Rasul” oilaviy korxonalarining omborida noqonuniy tarzda texnik chigit saqlanayotganligi aniqlanib, bu haqda holatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga maʼlumot kiritildi.
Shuningdek, shahrisabz shahrisabz tumanidagi “Shomuxammad Sodiq” oilaviy korxonasi ham to‘liq texnologik sikl bilan taʼminlanmaganiga qaramay, joriy yilning yanvar - fevral oylarida Surxondaryo viloyatidagi “Muzrobod” paxta tozalash korxonasidan 55 tonna, Toshkent viloyatidagi “Alimkent” paxta tozalash korxonasidan 226 tonna paxta chigitini xarid qilgan.
Tekshirish jarayonida mazkur korxona omborida 25 tonna texnik chigit, 3,5 tonna qayta ishlashdan olingan paxta yog‘i va 15 tonna kunjara mahsuloti mavjud ekanligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar vakolat doirasida huquqiy baho berishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Umumiy hisobda, aniqlangan kamchiliklari yuzasidan prokuratura organlariga 5 ta, maʼmuriy sudlarga 2 ta material kiritildi. Shuningdek kamchiliklar aniqlangan korxonalarga ularni bartaraf etish hamda texnik chigitdan foydalanish talablariga rioya etmaslikning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirish xatlari taqdim etildi.
Oybek HAKIMOV, “O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi paxta xom ashyosi , don, urug‘lar va larni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori