Qish kelishi bilan dalalardagi asosiy ishlar yakunlanib, yil bo‘yi qilingan mehnat samarasi o‘laroq bunyod etilgan hosil omborlarga joylangan bo‘lsada dehqonlar hozirdanoq kelgusi mavsum uchun tayyorgarlikni boshlab yubordilar. Shu kunlarda joylarda muhim agrotexnik tadbirlardan biri – sho‘r yuvish ishlari davom etmoqda.
Ma’lumki, respublikamizda sug‘oriladigan yerlardan olinadigan mahsulotlar umumiy qishloq xo‘jaligidan olinadigan mahsulotlarning 95% ni tashkil etadi. Shu sabab, sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish ularni unumdorligini oshirib borish, har bir gektar yerdan kafolatlangan yuqori sifatli arzon mahsulot olish muhim muammo bo‘lib qolmoqda. Uni hal qilishda melioratsiya ishlarining ahamiyati juda katta. Chunki sug‘oriladigan yerlarning 55-60% sho‘rlangan va botqoqlangan, 50% eroziyalangan, 10-12% gipsli, karbonatli tuproqlardan iborat. Shu bilan birga sug‘oriladigan yerlar tarkibida juda unumsiz qum va qumloq, toshloq, shag‘al tuproqlar ham keng tarqalgan. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yerlardan unumli foydalanish uchun melioratsiya tadbirlari zaruriy omil hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar sho‘rlangan yerlarning sho‘ri o‘z vaqtida yuvilmasa, o‘rtacha sho‘rlangan yerlarda hosilning 20-30 foizi, kuchli sho‘rlangan yerlarda 30-60 foizi yo‘qotiladi. Bunday maydonlarda yerlarning meliorativ holatini (sho‘r yuvish, zovur, kollektor-drenajlar ishlashi) yaxshilamay turib, paxta va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘ljaldagi hosilni yetishtirib bo‘lmaydi.
Namangan viloyatining Pop tumanida 22,5 ming gektardan ortiq maydonda g‘alla va paxta yetishtiriladi. Joriy yilda 7 ming 736 gektar maydonning sho‘rini yuvish rejalashtirilgan. Hozirda bu maydonlarning 6 ming 961 gektari yoki 90 foizida pol olish ishlari yakunlangan bo‘lsa, qariyb 5 ming gektar yerda sho‘r yuvish ishlari bajarildi. Ayni kunlarda ham bu muhim agrotexnik tadbir belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati