Ру Ўз O`z En

Qishloq xoʼjaligi vazirligining axboroti eshitildi

30 Noyabr 2020 1988

Bugun, 30 noyabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatining agrar, suv xoʼjaligi masalalari va ekologiya qoʼmitasi tomonidan Qishloq xoʼjaligi vazirligining Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga moʼljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarning joriy yil uchinchi chorakda bajarilishi holati yuzasidan axborot tinglandi.

Eshituvda sohada bozor mexanizmlarini keng joriy, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish, tarmoq statistikasining shaffof mexanizmini yaratish, klasterlar va fermerlar oʼrtasida oʼzaro munosabatlarni takomillashtirish, xalqaro bozorlarda tan olingan sifat va muvofiqlik standartlarini joriy etish, eksport bozorlari toʼgʼrisida maʼlumotlar taqdim etish, ekinlar navlarini sinash, Davlat tomonidan moliyaviy qoʼllab-quvvatlash, yerlarning meliorativ holati va shoʼrlanish darajasini monitoring qilish, kadastr tizimini takomillashtirish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot, eksportga koʼmaklashish, Qishloq xoʼjaligi vazirligi faoliyatini tubdan isloh qilish, sohaga toʼgʼridan toʼgʼri investitsiyalarni jalb etish boʼyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.

Аxborotda qayd etilganidek, mamlakatda qishloq xoʼjaligi sohasida oʼz vaqtida olib borilgan tadbirlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ijobiy taʼsir koʼrsatdi.

Jumladan, Strategiya doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʼjaligini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”, “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʼchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”, “Respublika hududlarini qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarorlari imzolandi va joylarda ijrosi oʼz vaqtida bajarilmoqda.

Jumladan, Strategiya doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni, 9 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilingan.

Xususan, paxta xom-ashyosi va gʼalla yetishtirishda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, qishloq xoʼjaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish, joylashtirish, qishloq xoʼjaligi yerlarini muhofaza qilish boʼyicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash hamda geobotanikaga oid tadqiqotlarni olib borish, shuningdek oziq-ovqat tarmogʼini rivojlantirishga doir qator vazifalar bajarilgan.

Sugʼoriladigan maydonlarda oʼrtacha gektaridan 57 sentnerdan ortiq, lalmi maydonlarda esa oʼrtacha gektaridan 11 sentner hosil olinib, jami 6,4 mln tonna don yetishtirilgan, shuningdek 2021 yil hosili uchun 272 ming tonnadan ortiq sara urugʼlik jamgʼarilgan va davlat ehtiyojlari uchun 3,5 mln tonnaga yaqin don eksport qilingan.

Joriy yilda respublika aholisini arzon va sifatli meva-sabzavot mahsulotlariga boʼlgan talabini barqaror taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida, har bir hududning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, respublikada barcha toifa xoʼjaliklarida 22,6 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish boʼyicha chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilgan.

Ushbu mahsulotlarni sifatli yetishtirish va eksport qilish maqsadida 2020 yil fermer va qishloq xoʼjaligi korxonalari tomonidan 700 ming gektarga yaqin asosiy maydonlarga sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli, moyli, texnik va ozuqa ekinlari ekilgan.

Shu bilan birga intensiv bogʼ va yangi tokzorlar barpo etilib, sohani qoʼllab-quvvatlash uchun joriy yilning 9 oyida jami 82,8 mlrd soʼm miqdorda subsidiya ajratilgan.

Qishloq xoʼjaligi vazirligi tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va uning zahirasini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, sohada bajarilishi lozim boʼlgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Eshituv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʼmitaning oʼzaro hamkorlikda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalari belgilab olindi va taklif va tavsiyalari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi

Text to speech