Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari, hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “Oʼzboshimchalik bilan yerlarning qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʼlgan hollarda yetkazilgan zarar miqdorini qoplash toʼgʼrisida”gi 1024-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari ijrosi yuzasidan Inspektsiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasi “Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi” tomonidan bir qator nazorat tadbirlari amalga oshirildi.
Jumladan, Inspektsiyaning viloyat hamda tuman boʼlimlari inspektorlari joriy yilning oʼtgan 2 choragi davomida jami 13 ta holatda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan sugʼoriladigan ekin yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallab olib, qurilish ishlarini amalga oshirilganligini aniqlagan. Ushbu holat yuzasidan tuman inspektorlari tomonidan qonun talablaridan kelib chiqqan holda qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqarilgan 0,35 gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlariga keltirilgan zarar miqdori 78 131,0 ming soʼmni tashkil etib, shundan 10 771,0 ming soʼm miqdorida iqtisodiy jarimalar undirilishiga erishildi.
Jumladan, Oqoltin tumani boʼyicha 2 ta holatda 0,09 gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlarini qishloq xoʼjaligi muamolasidan chiqarilishi oqibatida 52 213,0 ming soʼm miqdorida zarar keltirilgan. Shundan, 1- holatda Oqoltin tumani hokimining qaroriga asosan “Porloq qutb yulduzi” fermer xoʼjaligiga ijaraga ajratib berilgan 105-konturdagi 50 ball bonitetli sugʼoriladigan ekin yer maydonining 0,03 gektar yer maydoni oʼzboshimchalik bilan egallab olinib turar-joy sifatida qurilish ishlari amalga oshirilganligi aniqlangan. Oqibatida yetkazilgan zarar miqdori 15 592,0 ming soʼmni tashkil etgan. Huddi shuningdek 2-holatda ham tuman hokimi qaroriga asosan “Tabiatning oltin neʼmati” fermer xoʼjaligiga ijaraga ajratib berilgan 243-konturdagi 0,06 gektar koʼp yillik daraxtzorlar bilan band boʼlgan yer maydonida oʼzboshimchalik bilan turar-joy va molxona binosi qurib olinganligi oqibatida 36 621,0 ming soʼm miqdorida zarar keltirilgan.
Qolaversa, Sirdaryo tumanida 9 ta holatda 0,05 gektar sugʼoriladigan ekin yer maydonlarini qishloq xoʼjaligi muamolasidan chiqarilishi oqibatida 22 369,0 ming soʼm miqdorida zarar keltirilgan. Jumladan, Sirdaryo tumani Orzu MFYda yashovchi fuqaro M.А. MFY hududi qishloq xoʼjalik xaritasining 101-konturdagi ball boniteti 49 ga teng boʼlgan ekin yer maydonining 0,012 ga yer maydoniga oʼzboshimchalik bilan molxona-pillaxona qurilish ishlari amalga oshirilganligi oqibatida 6 736,0 ming soʼm miqdorida, Elobod MFYda yashovchi fuqaro J.O.ga dehqon xoʼjaligi yuritish uchun ajratib berilgan 383-konturidagi 0,012 gektar 68 ball bonitetli sugʼoriladigan ekin yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab noqonuniy uy-joy qurib olishi oqibatida 6 112,0 ming soʼm miqdorida, Navoiy MFYdagi yashovchi fuqaro Q. А. tomonidan 127-konturidagi 0,15 gektar 56 ball bonitetli sugʼoriladigan ekin yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab noqonuniy molxona binosini qurib olinganligi oqibatida 8 732,0 ming soʼm miqdorida zarar keltirilganligi aniqlangan.
Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʼyicha qishloq xoʼjalik yerlariga yetkazilgan zarar summalarini undirish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tumanlararo iqtisodiy sudlariga qishloq xoʼjalik yerlariga yetkazilgan zarar summa yuborildi.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanishni oldini olish boʼyicha doimiy ravishda nazorat oʼrnatilib, qonunbuzilish holatlariga yoʼl qoʼygan aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora koʼrish ishlari taʼminlanib kelinmoqda.
Sh.Qarshiboev,“Oʼzagroinspektsiya”ning Sirdaryo viloyati boshqarmasi
“Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari
va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi
bosh inspektori